Huquqiy-targ‘ibot tadbiri: Korrupsiya islohotlarga xiyonatdir
2026-03-04 16:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tumani hokimligi, adliya bo‘limi, maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi hamda tibbiyot birlashmasi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi huquqiy-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar mas'ullari, viloyat adliya boshqarmasi vakillari, tumandagi umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktorlari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Navbatdagi ushbu tadbir ham ijtimoiy sohalarda qonuniylikni ta'minlash va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabr kuni Parlament va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatida ustuvor vazifa sifatida belgilangani alohida ta'kidlandi. Unda korrupsiya islohotlarga xiyonat ekani qayd etilgan holda, 2026 yilda ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rish zarurligi belgilangan.
Qayd etilganidek, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazadi. U adolat tamoyillarini izdan chiqaradi, fuqarolarning davlat organlari va moliyaviy muassasalarga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.
Tadbir davomida davlat idoralari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Xususan, maktabgacha va maktab ta'limi hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha qat'iy chora-tadbirlar asosida faoliyat yuritish lozimligi ta'kidlandi.






