Tuman tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan tanqidiy muhokama yig‘ilishida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi
2025-11-24 12:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda tuman prokurori Obidjon Sobirov, tibbiyot birlashmasi va uning tasarrufidagi sog‘liqni saqlash muassasalari rahbar-xodimlari, tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Tuman tibbiyot tizimida korrupsiyaning oldini olish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, bu borada har bir fuqaro, xodimning burch va vazifalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlari, xususan maishiy korrupsiyaga oid holatlar va ularni keltirib chiqargan omillarga to‘xtalindi.
Tizimda korrupsion holatlarni oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirilib, mutasaddilarga aniq vazifalar topshirildi.
Sohaning barcha darajadagi xodimlarini bu boradagi bilim va tushunchalarini, ayniqsa, korrupsiya illati keltirib chiqaradigan ayanchli oqibatlar haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, mas’uliyatini oshirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi qator muhim vazifalar belgilab olindi.




