Hokimiyat haqida

Yangiyer shahri Sirdaryo viloyatining muhim sanoat va ma'muriy hududlaridan biri bo‘lib, 1957-yilda Mirzacho‘l yerlarini o‘zlashtirish dasturi doirasida barpo etilgan. Shahar viloyatning markaziy qismida, Guliston shahridan qariyb 30 kilometr, Toshkent shahridan esa 150 kilometr masofada joylashgan. Yangiyer shahri qulay geografik joylashuvi, rivojlanib borayotgan iqtisodiy salohiyati hamda zamonaviy infratuzilmasi bilan viloyatning istiqbolli hududlaridan biri hisoblanadi. 2026-yil holatiga ko‘ra, shaharda 49 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shahar hudida 12 ta mahalla, 12 umumta'lim muassasalari, 13 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti hamda 43 ta xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari mavjud.
Yangiyer shahri iqtisodiyotida sanoat yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Hududda qurilish materiallari ishlab chiqarish, metall va temir-beton mahsulotlari tayyorlash, yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik hamda boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan korxonalar mavjud. So‘nggi yillarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta'minlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.
Shaharda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, qulay investitsiya muhitini shakllantirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratilishi, tadbirkorlik subyektlari sonining ortishi va iqtisodiy faollikning oshishi ta'minlanmoqda.
Ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish hamda ijtimoiy infratuzilmani mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, zamonaviy sport inshootlarini barpo etish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahallalarni obodonlashtirish hamda aholining turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan loyihalar izchil davom ettirilmoqda.
Shuningdek, shaharda fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, murojaatlar bilan samarali ishlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ekologik barqarorlikni ta'minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda turli ijtimoiy va investitsiyaviy dasturlarni amalga oshirish orqali Yangiyer shahrining barqaror rivojlanishini ta'minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
