Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va kommunal xizmatlar barqarorligi
2026-09-28 10:15:00 / Matbuot anjumanlari

Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov ishtirokida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va kommunal xizmatlar barqarorligi” hamda “Mahallalarda aholi murojaatlari bilan ishlash va muammolarni joyida hal etish” mavzularida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida shaharda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini kommunal xizmatlar bilan barqaror ta’minlash, mavjud infratuzilmani mavsumiy yuklamalarga tayyorlash bilan bir qatorda, mahallalarda aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarni manzilli o‘rganish va ularni joyida hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mavsumga tayyorgarlik doirasida elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti tizimlarining texnik holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, mahallalarda aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, xonadonma-xonadon o‘rganishlar olib borish, fuqarolarni qiynayotgan masalalarni aniqlash va ularning qonuniy yechimini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Murojaatlar, xususan, ichimlik suvi, obodonlashtirish, uy-joy va kommunal xizmatlar, bandlik, ijtimoiy himoya hamda boshqa masalalar tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘rganilib, imkon qadar muammolarni joyida hal etish, qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab etadigan masalalar bo‘yicha esa aniq chora-tadbirlar belgilanayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumanida murojaatlar bilan ishlashda faqat muammoni aniqlash bilan cheklanib qolmasdan, uning amaliy yechimini ta’minlash, ijro holatini nazorat qilish va fuqaroga natija haqida ma’lumot berish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlarning mavsumga tayyorgarlik, kommunal xizmatlar sifati, mahallalardagi mavjud muammolar hamda aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibiga oid savollariga mutasaddilar tomonidan javoblar berildi.
Matbuot anjumani yakunida kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish, kommunal xizmatlar uzluksizligini ta’minlash hamda mahallalarda aholi murojaatlariga tezkor va manzilli munosabat bildirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.



