Yangi o‘quv yili — yangi maqsadlar bilan boshlandi
2026-09-02 09:55:00 / Yangiliklar

Bugun, 2-sentabr kuni Yangiyer shahridagi umumta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining ilk kuniga bag‘ishlangan an’anaviy «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Xususan, 3-sonli umumta’lim maktabidagi tantanali tadbir o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalar uchun ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Unda Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov ishtirok etib, yangi o‘quv yili munosabati bilan ta’lim ahliga samimiy tilaklarini bildirdi.
Tadbirda so‘z olgan shahar rahbari mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yoshlarning sifatli bilim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida yuqori natijalarga erishishi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil intilishi muhim ekanini ta’kidladi.
Shu o'rinda birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezident sovg‘alari topshirildi. Kechagina bog‘cha ostonasida bo‘lgan bolajonlar uchun bugun maktab hayotining yangi sahifasi ochildi. Tadbirning badiiy qismida o‘quvchilar tomonidan she’rlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar namoyish etildi. Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari esa barcha o‘quvchilarni yangi bilimlar, yangi marralar va yangi imkoniyatlar sari chorladi. Shu tariqa, Yangiyer shahri maktablarida yangi o‘quv yili ko‘tarinki kayfiyat va ezgu niyatlar bilan boshlandi.






