Matbuot anjumani o'tkazildi
2026-07-15 10:50:00 / Matbuot anjumanlari

Yangiyer shahar Kadastr agentligi bo‘limi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida "Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilindi?" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Kadastr agentligi tizimida hududiy bo‘linmalar uchun malakali mutaxassislarni ishga jalb etish, sohaga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tanlash hamda mavjud vakant ish o‘rinlarini ochiq va shaffof tartibda e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Vakant lavozimlar muntazam ravishda Vacancy.argos.uz portali orqali e’lon qilinadi.
Shuningdek, tizim xodimlarining oylik ish haqi egallab turgan lavozimi, malakasi hamda xizmat faoliyati natijalaridan kelib chiqib belgilanadi. Xodimlarni rag‘batlantirish va ularning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mexanizmlar ham amalda qo‘llanilmoqda.
Anjumanda aholi farovonligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, fuqarolar va tadbirkorlarga yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyatlari kengaytirilib, murojaatlar qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rib chiqilmoqda hamda ijobiy hal etilgan arizalar asosida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Yer munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida "YERELEKTRON" axborot tizimi orqali yer uchastkalari onlayn auksion savdolariga chiqarilib, ularni ajratish jarayoni to‘liq elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilgan. Natijada fuqarolar xizmatlardan elektron shaklda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Yangiyer shahar Kadastr agentligi bo‘limi tomonidan fuqarolarning yer va kadastr masalalariga oid murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, joyiga chiqqan holda muammolarni hal etish maqsadida muntazam ravishda sayyor qabullar ham tashkil etilmoqda.



