Dual ta’lim: amaliy hamkorlik kengaymoqda
2026-07-10 14:15:00 / Yangiliklar

Yangiyer shahrida viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shohista Namozova hamda shahar hokimi Otabek Nosirov rahbarligida viloyatdagi tuman va shahar hokimliklari, texnikumlar, shuningdek korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limni yanada kengaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv o'tkazildi.
Unda texnikumlarda qabul kvotalari asosida shakllantirilgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilarning dual ta’lim shaklidagi qamrovini 29 foizdan 50 foizgacha oshirish, shuningdek mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Ma’lumot o'rnida, Yangiyer shahar texnikumiga «Eco wood» mebel fabrikasi bilan hamkorlikda kvota asosida 30 nafar yosh qabul qilingan. Joriy yilning sentabr oyidan ular haftaning 4 kuni korxonada amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lsa, 2 kuni texnikumda nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Shuningdek, o‘quvchilarga stipendiya hamda oylik ish haqi to‘lanishi belgilangan.




