Yangiyerlik mehnat faxriysiga yuksak ehtirom
2026-05-14 14:25:00 / Yangiliklar

Yurtimizda nuroniylar, mehnat faxriylari hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan insonlarni qadrlash ezgu an’anaga aylangan. Keksalarga hurmat ko‘rsatish, ularning fidokorona mehnatini e’tirof etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizning insonparvarlik qadriyatlarini yanada yuksaltirmoqda.
Ana shunday e’tibor namunasi sifatida Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan 2026 yilgi muborak Haj safari uchun “Prezident hojisi” yo‘llanmasi Yangiyer shahrida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mohir pedagog va mehnat faxriysi Karomat Pardayevaga tantanali ravishda topshirildi.
Karomat opa o‘zining boy hayotiy tajribasi, dono maslahatlari va samimiy insoniy fazilatlari bilan bugun ham atrofdagilarga ibrat bo‘lib kelmoqda. U kishining xalq orasidagi obro‘-e’tibori, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki davlatimiz tomonidan munosib qadrlanmoqda.
Shu bilan birga, Karomat Pardayevaning to‘ng‘ich farzandi — ichki ishlar organlarida sadoqat bilan xizmat qilgan Nishonov Oybek Hamroqulovich 2006 yilda favqulodda holat vaqtida xavf ostida qolgan fuqarolarni qutqarish chog‘ida xizmat vazifasini bajarayotgan paytda qahramonlarcha halok bo‘lgani alohida e’tirofga loyiq.
“Prezident hojisi” maqomining berilishi ana shunday fidokor va el ardog‘idagi insonlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom ifodasidir. Bu esa barcha nuroniylar va mehnat faxriylariga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yana bir amaliy namunasidir.



