Yangiyerda tashqi reklama vositalari tartibga solinmoqda
2026-05-06 08:05:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Yangiyer shahrida shahar ko‘rkiga putur yetkazayotgan, tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan hamda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga javob bermaydigan tashqi reklama vositalarini bartaraf etish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, shahar markaziy ko‘chalarida, jumladan, Tinchlik ko‘chasida noqonuniy o‘rnatilgan, muddatini o‘tagan va estetik talablarga zid bo‘lgan reklama konstruksiyalari targ‘ibot tadbirlari orqali olib tashlanmoqda.
Binolarning fasad qismini to‘liq qoplab olgan, deraza va peshtoqlarga tartibsiz yopishtirilgan, o‘lchov va dizayn qoidalariga zid bo‘lgan bannerlar hamda yoritkichli reklamalar binoning me’moriy go‘zalligini butunlay yo‘qotmoqda.
Hurmatli tadbirkorlar!
Shahrimiz qiyofasini zamonaviy va tartibli ko‘rinishga keltirish maqsadida sizlardan:
O‘zingizga tegishli bino va inshootlardagi noqonuniy reklama vositalarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etishingizni;
Reklama va e’lonlarni joylashtirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘rab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz: Barcha tadbirkorlik subyektlari tashqi reklama va axborot matnlarini joylashtirishda qonun talablariga rioya etishlari shart.
Shu munosabat bilan:
O‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan;
Amal qilish muddati o‘tgan;
Estetik va imlo qoidalari buzilgan reklamalarni o‘z ixtiyoringiz bilan olib tashlashingizni so‘raymiz.
Belgilangan talablarga rioya etmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Shahar orastaligi va tartibiga befarq bo‘lmang!




