Matbuot anjumani o'tkazildi
2026-03-11 11:10:00 / Matbuot anjumanlari

Bugun, 11 mart kuni Yangiyer shahrida Iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyati tomonidan “Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar hamda “Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda jamiyat xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman davomida aholi huquqiy savodxonligini oshirish va iste’mol madaniyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Hisobot davrida shahar jamiyati tomonidan mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalarida olib borilgan tadbirlar natijasida 25 ta o‘quv seminari, 52 ta davra suhbati va aholi bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Shuningdek, 23 marta radioeshittirishlar va 8 marotaba viloyat teleradiokompaniyasi orqali sohaga oid qonun va qonunchilik yangiliklari targ‘ibot qilindi. Jamiyatning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari va ommaviy nashrlarida 60 dan ortiq materiallar chop etildi.
Anjuman davomida aholiga yaratilgan shart-sharoitlar va xizmat sifati bo‘yicha olib borilgan kuzatuvlar va so‘rovnomalar natijalari ham muhokama qilindi. Bu tadbirlar shahardagi oziq-ovqat do‘konlari, qassobxonalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida xizmatlar sifati, dori-darmon vositalari va jihozlar mavjudligi hamda subsidiyalar ajratish jarayonining ochiq va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Hisobot davrida jamiyatga iste’molchilardan jami 196 ta murojaat kelib tushgan, shuning 90% ijobiy hal qilingan. Shuningdek, sudlarga kiritilgan 3 ta da’vo arizasi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 26 563 794 so‘m mablag‘ undirib berildi.
Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat aholining huquqiy savodxonligini oshirish, balki korrupsiyaning oldini olish, jarayonlarni ochiq va shaffof qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi. So‘ng jurnalist va blogerlarning savollari atroflicha muhokama qilinib qiziqtirgan masalalarga javob berildi.

