Hokimiyat haqida
Yangibozor - Xorazm viloyatining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan tuman bo‘lib, hududi 34,3km.kv.dan iborat. Tabiiy geografik joylashuviga ko‘ra g‘arb tomondan Gurlan, janubiy-g‘arb tomondan Shovot, sharq va janubiy sharq tomondan Urganch tumanlari, shimolda Amudaryo orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh. Yangibozor tumani viloyat markazi Urganch shahridan 16 km.uzoqlikda joylashgan.Tuman aholisi 89,0 ming kishini tashkil qilib, do‘stona va ahil yashayotgan o‘zbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq, tatar, koreys, ukrain va boshqa millatlardan iborat.
Tumanning geografik kengligi 41 daraja, 30 daqiqa, dengiz sathidan balandligi 110 m. bo‘lib, iqlimi keskin kontinetal, yillik o‘rtacha harorat 11, iyul harorati 26-28, yanvarniki 6 daraja, yog‘ini 80-90 mm. O‘simliklarning vegetatsiya davri 180-200 kun, maksimal va minimal haroratlar orasidagi farq 78 ga teng. Tuman hududining qumlar bilan o‘ralganligi sababli yoz kunlari harorat 43-45 darajaga ko‘tariladi. Qish faslida eng past harorat -30-33ni tashkil etadi. Bu yerda yozning issiq, qishning sovuq kelishi ob-havoning sutka davomida keskin o‘zgarishi, yog‘in sochinning kamligi, havoning quruqligi tuman iqlimining asosiy xususiyatlaridir. Tuprog‘i Qiyotqo‘ng‘irot arig‘idan Shimoliy Daryoliq massivida va janubda - Devonko‘l massivida og‘ir so‘g‘a, bo‘z tuproqdan iborat.
Qilich Niyozboy, Yormish, Shovot kanallaridan suv oladigan Uyg‘ur, Do‘rmon, Hayvat, Qiyotqo‘ng‘irot, Daryoliq va uning shaxobchalari sug‘orishda muhim ahamiyatga ega.
Taniqli davlat arbobi Marks Jumaniyozov o‘zining “Esimda qolgan onlar”(“Musiqa”nashriyoti, 12-bet. Toshkent-2008 yil) memuarida: “Xorazm yerlarida sharqdan g‘arbga, janubdan shimolga qarab, har kilometrda 12-15 sm.qiyalik bor. Agar kanalning boshini 10 km. yuqoridan olsangiz, sizning yeringizga 1-1,5 m.balandlikda suv keladi. Shuning uchun ariqlar kanalning yuqori qismidan olingan va barchaning yeri suv bilan ta’minlangan. Dehqonchilik uchun yaxshi sharoit yaratilib, yuqori hosil olingan. Ko‘llarning ahamiyati katta bo‘lib, bu ko‘llarga sizot suvlar oqib, tuproqning meliorativ holatini yaxshilab turgan”, -deya hududning geografik holatiga baho bergan .
Yangibozor tumani hududida tabiiy ko‘llar ko‘p bo‘lib, yerning tabiiy iqlim sharoitini yaxshilash, hamda hosildorlik darajasini ko‘tarishda ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari ko‘llardan kishilar chorva mollarini boqish va baliq ovlashda foydalanganlar. Shuningdek, o‘tmishda ko‘llardagi qamish va yekanlaridan chipta-bo‘yra to‘qishda, turar joylarning loy-paxsalarini zahdan saqlash uchun poydevor ostiga qo‘yib, hamda tomlarni bostirishda ham ishlatishgan. Tuman qishloqlarida “Oltinko‘l”, “Mallako‘l”, “O‘yko‘l”, “Boyko‘l”, “Divonko‘l”, “Dahako‘l” singari ko‘llarning ko‘pligi tabiat va ekologik muvozanatning yuqori darajada ekanligining dalolatidir.
Qisqasi, ana shunday qulay geografik hududda joylashgan Yangibozor tumani va yangibozorliklar o‘zlarining shijoatli mehnati, g‘ayratu intilishlari sabab, har bir sohada nafaqat viloyatda, balki respublikada yuqori natijalarga erishib kelmoqdalar.
TARIXINGDIR MING ASRLAR ICHRA PINHON...
Yangibozor tumanida garchi qadimiy va betakror Xivadagi kabi mashhur me’moriy obidalar, Shovot tumanidagi miloddan oldingi davrlarga oid Katqal’a, Voyanganqal’a, Bog‘ot tumanidagi Qal’ajiqqal’a, Hazoraspdagi Sulaymonqal’a (Devsolgan) singari o‘tmishning ko‘plab sirlarini bag‘rida joylagan qal’alari bo‘lmasada, o‘ziga yarasha tarixi bor.
Ma’lumki, havoni ko‘rmaymiz, ammo uning borligini nafas olishimiz tufayligina sezamiz va inkor qilmaymiz. Xuddi shuningdek, balki o‘tmish taloto‘plari, urushlar, jangu jadallar sababli saqlanib qolmagan obidalar hozirda yo‘qligidan, bu hududning boshqalar kabi muhtasham tarixi bo‘lmagan ham deya olmaymiz. Negaki, Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o‘zining “Geodeziya” asarida: “Xorazmliklar daryoning chap va o‘ng sohili hududlarida 300dan ziyod qishloq va shaharlar barpo qilganlar”,-deb yozgandi.
Balki Beruniy ta’kidlab o‘tgan va keyinchalik ko‘p marotabalab daryo toshqini sabab, suv ostida qolib ketgan shaharlardan biri, aynan, hozirgi Yangibozor tumani hududlarida ham bo‘lgandir.
Masalan, mashhur o‘zbek arxeologi Yahyo G‘ulomov (1908-1977) ”Xorazmning sug‘orilish tarixi” asarida yozishicha, ular 1936 yilda Gurlan tumanida bo‘lganida, ushbu hududning nomi o‘tmishda Xosminor bo‘lgani va shu nomdagi minora to 1900 yillargacha saqlanib qolganini aniqlagandi.
X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi Maqdisiyning “Axsan at-taqosim fi ma’rifat al Aqolim” asarida Darxos yoki Xos (Qo‘rg‘on qal’asi) aholi punkti Kat (hozirgi Beruniy) shahridan pastroqda, undan bir manzil narida, daryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashganini aytib o‘tgan. Bu akademik Yahyo G‘ulomov aniqlashiga ko‘ra, hozirgi Gurlan markazi yoki Gurlanning yoniga to‘g‘ri keladi.
Darxos so‘zi esa forschadan kelib chiqqan bo‘lib “Dar”eshik, “xos” kirish, o‘tish joyi, daryodan o‘tish joyi degan ma’nolarni anglatgan.
Ma’lumki, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida Xosminor degan aholi maskanini uchratish mumkin. Yahyo G‘ulomov esa negadir asarning qo‘lyozma manbasiga tayanib:” Asarda “Xosminor” so‘zi ko‘p uchraydi”,- deya yozadi.
Asarda shu minora orqali Xivadan Katga o‘tganlar desa, yana boshqa bir joyda “1573 yilda Amudaryo o‘z o‘zanini o‘zgartirganligi va Xosminorning yuqorirog‘idan Orol dengiziga qarab oqa boshlagan”ini ta’kidlab o‘tgan.
Yahyo G‘ulomov fikricha, Abulg‘ozining bu ma’lumotlaridan Xosminor Katdan (Shayx Abbosdan, hozirgi Qoraqalpog‘istondagi Beruniy tumanidan) anchagina quyiroqda, aniqrog‘i, Gurlan yonida, ya’ni daryo Katga burilgan joyda bo‘lganligi ko‘rinadi. Gurlan pristani yaqinida, Alibobo mozori yonida katta minora qoldiqlari saqlanib qolganligini tafakkurli qariyalar yaxshi eslashadi. Uni esa Xos minorasi deyishgan.
Daryo suvi kamayganda, suvdan uning uchi ko‘rinib turgan. Suv toshgan paytlarda bu yerda kema suzishi xavfli bo‘lgan, chunki ko‘pincha kemalar suvda yashiringan minoraga urilib ketgan. Qadimdan shu yerda yashagan aholining aytishiga ko‘ra, kemada suzuvchi o‘zbeklar bu minorani avliyo Alibobo karomatlari bilan paydo bo‘lgan deyishadi. So‘nggi yillar, xususan XX asrning 20-30 yillarida minora yo‘q bo‘lib ketgan.
Akademik Yahyo G‘ulomov fikricha, “aftidan Xosminor yuqorida aytilgan Xosminorga taalluqli bo‘lsa kerak”. XVI asrda, aniqrog‘i 1573 yilda daryo o‘zanining o‘zgarishi natijasida, oldingidek Kaspiyga emas, Orolga quyiladigan bo‘lgani uchun Xosminor daryoning chap qirg‘og‘ida bo‘lib qoladi. Ya’ni, 1573 yildan oldin Gurlan daryoning o‘ng tarafida ekanligida Kat bilan yondosh joylashgan.
Shu bois hozirgacha shobbozliklar (ya’ni Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani aholisi) va gurlanliklarning shevasi bir xil. Faqat Amudaryo oqimini o‘zgartirib, Kaspiyga emas, Orolga quyiladigan bo‘lganidan so‘nggina har ikkala qa’la o‘rtasidan Amudaryo oqib, Kat va Gurlan ajralgan, hamda ikkala yondosh qal’a endilikda daryoning chap va o‘ng sohillarida bo‘lib qolgan. Shu bois XVI, XVII va XIX asrlarda eng katta kechuv Xosminor atrofida, taxminan, hozirgi Gurlan kechuvida bo‘lganligi Bayoniyning “Xorazm tarixi” asarida yoritilgan.
Hattoki, Nizomiddin Shomiyning va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlarida ham Amir Temurning Xosminor orqali daryo kechuvidan o‘tganligi yozib o‘tilgan.
Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, o‘tmishda hozirgi Gurlanning nomi Darxos, Xosminor bo‘lgani singari, hozirgi Yangibozor hududida ham qandaydir qal’a bo‘lgani aniq. Negaki, hozirda Cho‘bolonchi qishlog‘ida Toshqal’a nomli hudud, shuningdek, tumanda Bo‘zqal’a nomli qishloq bor. Ya’ni, bu hududlarning qal’a deb atalishi bejiz emasdir. Qolaversa, Amudaryo toshqini sabab ko‘plab qal’alarning suv ostida qolgani ham tarixiy haqiqat.
Ma’lumki, so‘nggi ikki-uch ming yillar davomida Urganch shahrining 4 marotaba (Gurganj, Jurjoniya, Urganj, Ko‘hna Urganch), Beruniy tumanining 5 marotaba (Fir, Xorazm, Kat, Shabboz, Beruniy), Gurlanning 2 marotaba (Darxos,Xosminor) nomi o‘zgarganiga tarix guvoh.
Tarixiy hujjatlardan ma’lumki, Xiva xonligi davrlarida hozirgi Yangibozor tumani hududlari Qiyot-Qo‘ng‘irot noibligi deya atalgan.
Filologiya fanlari doktori Abdulla O‘rozboyevning tadqiqotlariga ko‘ra, “ Ogahiyning tarixiy asarlarida Noyiblik mansabi nayobat so‘zi bilan ifodalanadi: ... nayobat mansabi bila sarafroz qilib... Asarda Noib // noyib – نایب vazirning yordamisi[1]. “Riyoz ud-davla”da ushbu mansab nomi qo‘llanilgan o‘rinlar noyib “xon tomonidan biror ma’muriy hudud boshqaruviga mas’ul qilib tayinlangan shaxs” ma’nosini beradi” ( “Ogahiyning tarixiy asarlari leksikasi”.Toshkent-2013yil,”Muharrir nashriyoti”,36-bet).
Tarixdan ayonki, “Qiyot” va “Qo‘ng‘irot” 92 o‘zbek urug‘lari nomi. Hozirda tumanda Shirinqo‘ng‘irot (Shirin ham o‘zbek urug‘i nomi), Do‘rmon (Qalandardo‘rmon, Oyoqdo‘rmon) nomi bilan bog‘liq qishloqlar mavjud. O‘zbek urug‘larining Xorazmga kelib o‘rnashishi Shayboniyxon bilan bog‘liq bo‘lib, 1495-1510 yillarga borib taqaladi. Ya’ni, aynan shu davrlarda qaysiki o‘zbek urug‘i Xorazm zaminiga kelib o‘rnashib, shu hududni vatan tutsalar, ular yashagan zamin shu urug‘ nomi bilan atalgan. Shu boisdan vatanimiz hududlarida Do‘rmon, Nukus, Qiyot, Qo‘ng‘irot, Shirin, Jaloyir, Saxtiyon, Qangli, Qatag‘on singari 92 o‘zbek urug‘lari nomi bilan toponimikaga aylangan qishloq va tumanlar, shaharlar bor.
Yangibozor tumanida yuqoridagi kabi qishloq nomlari bilan bir qatorda, miloddan oldingi davrlarda Xorazm zaminida yashab, keyin Shimoliy Kavkazga ko‘chib ketgan qadimiy urug‘ nomlari-“olon”lar nomi qayd etilgan Bog‘olon, Cho‘bolonchi kabi mashhur qishloqlar mavjud.
Ana shu ikki qishloq nomi va ularning “olonlar” bilan bog‘liqligi esa hozirgi Yangibozor hududlarining ham tarixi miloddan oldingi davrlarga borib taqalishini ko‘rsatib turibdi.
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida, “Amudaryo o‘z oqimini o‘zgartirishi va ko‘p joylarni suv bosib ketishi bilan xorazmliklarning bir qismi Xazar (Kaspiy dengizi.Ushbu dengiz o‘tmishda Olon dengizi ham deb nomlangan) dengizi qirg‘oqlariga ko‘chdilar”, - deb yozgandi.
Eronlik olim Richard Fray “Eron aholisi” asarida esa: “Olon va Os urug‘i shimoliy Kavkazga Xorazmdan ko‘chib borishganligini” yozib o‘tgan. Akademik Yahyo G‘ulomov bo‘lsa “Xorazmning sug‘orilish tarixi” asarida “Olon va Os urug‘larining tili Xorazm tili bilan bijanoq tili aralashmasidan iborat”ligini ta’kidlaydi. XX asr boshlarida yashab o‘tgan Qozon shahrilik tarixchi Hasan Ato Abushiy “ Turkiy qavmlar tarixi” asarida massagetlar, xususan, ularning mashhur malikasi To‘marisning ajdodlari olonlardan bo‘lganligini yozgandi. Shu o‘rinda hozirgi Rossiya federatsiyasidagi osetinlar o‘zlarining kelib chiqishini olon va os urug‘larga bog‘lashi ommaviy axborot vositalaridagi materiallar orqali ma’lum.
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov “O‘zbegim” qasidasida “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim”,- deya yozganidek, Yangibozor tarixining ham o‘tmishi ming asrlar oldingi-miloddan oldingi olon, os urug‘lariga borib taqalishi haqiqat...
Oradan asrlar o‘tib... Xiva xonligi davrida hozirgi Yangibozor tumani hududlari Qiyot-Qo‘ng‘irot noibligi deya atalardi. Ya’ni ushbu hududlarda xonlikning o‘ziga yarasha boshqaruv tuzilmasi bo‘lgan. O‘zbekiston Milliy Arxivida saqlanayotgan (I-125-fond,1-ro‘yxat,526-537 ishlar,26-30 varaqlar)hujjatda 1900 yilda Qiyot Qo‘ng‘irotda 25 ming xonadon bo‘lib, har bir xonadonda o‘rtacha 7 kishidan yashayotgani, noiblikning yer maydoni 65 ming tanobdan iboratligi yozilgan. Ushbu hujjatda yana Qiyot-Qo‘ng‘irotda o‘zbek, sart, arab, forslar yashayotgani qayd etilgan.
Qiyot-Qo‘ng‘irot noibi esa 60 yoshli Abdulla eshon Mahmudbekov ekanligi, u 30 yildan beri ushbu elni boshqarayotgani ham arxiv hujjatida yozib o‘tilgan.
...Ma’lumki, noiblik 1920 yilda Xiva xonligi tugatilganidan so‘ng ma’muriy boshqaruv tuzilmasi sifatida 1921 yilda tugatilgan. Xorazm Xalq Respublikasiga oid arxiv hujjatlarida Qiyot-Qo‘ng‘irot 1921-24 yillarda volost sifatida qayd etib o‘tiladi. Ya’ni boshqaruvda volost tuzilmasi bo‘lgan. 1924-26 yillarda Qiyot-Qo‘ng‘irot Gurlan uyezdi tarkibidagi volost bo‘lgan. 1926 yildan O‘zSSR da rayonlashtirish boshlangach, Qiyot- Qo‘ng‘irot Yangi Urganch rayoni tarkibiga kiritilgan. Shundan keyingi sovet davrida o‘tgan yillarda hozirgi tuman hududlari goh Gurlan, gohida Urganch tarkibiga qo‘shilib kelgan. Faqatgina 1930 yillardan keyingi rasmiy hujjatlardagina hudud nomi Yangibozor tarzida keltirib o‘tiladi.
Hozirda Urganch va Gurlan tumanlari orasida joylashgan ushbu tuman toponomining nomi ham “Yangi” va “bozor” so‘zlaridan kelib chiqqanligi aniq. Ma’lumki, xorazmliklar shevasida “yangi” so‘zi hududga nisbatan g‘oyat kam aytilib, “toza” so‘zi ishlatiladi. Faqatgina rasmiy hujjatlardagina, ayniqsa, XX asrning 20-yillaridan so‘ng “yangi” so‘zi qo‘llaniladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi tuman markazi hududlarida toza bozor barpo etilgan va ushbu so‘z rasmiy hujjatlarda “Yangi bozor” deya ishlatilganidan, toponimik obyekt nomi-dastlab qishloq, keyinchalik esa markazda joylashgan ushbu qishloq tuman markaziga aylangan.
Professor Abdug‘ofur Nabiyev ham o‘zining “Tarixiy o‘lkashunoslik” nomli monografiyasida (Toshkent-1995 yil “O‘qituvchi” nashriyoti, 243-bet) ham aynan shunga o‘xshash fikrni bildiradi: “Yangibozor aholisining savdo-sotiq ishlari faqat qal’a bozorida bo‘lgan, so‘ngra chekka qishloqlarning birida to‘planib, savdo-sotiq ishlarini olib borganlar. Qal’a bozori bilan bu bozorni bir-biridan farq qilish uchun qishloq bozoriga “Yangi bozor” deb nom qo‘yishgan. Shu-shu bo‘lib, qishloqning nomi “Yangibozor” bo‘lib qolgan”.
Tuman tashkil qilinganida esa ushbu qishloq, aynan, tumanning har ikkala chekkasiga nisbatan - Uyg‘ur va Bog‘olon qishloqlari hududlaridan kelib chiqqan holda markazda joylashgani uchun ham, Yangibozor tuman markazi qilib belgilangan va tuman nomi ham, aynan, Yangibozor deb atalgan.
