O‘zbek tilining nufuzini oshirish yo‘lida muhim qadam
2026-08-21 13:10:00 / Yangiliklar

Til — millatning ruhiyati, tarixi va ma’naviy boyligini o‘zida mujassam etgan beqiyos qadriyatdir. O‘zbek tili ham boy lug‘ati, go‘zal ifoda imkoniyatlari va asrlar davomida shakllangan o‘ziga xos xususiyatlari bilan xalqimizning milliy iftixoridir.
Bugungi kunda dunyo taraqqiyoti bilan birga hayotimizga turli sohalarga oid ko‘plab xorijiy so‘z va atamalar kirib kelmoqda. Texnika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, biznes va boshqa sohalarda bunday atamalardan foydalanish odatiy holga aylangan.
Shu bilan birga, xorijiy atamalarga o‘zbek tilida tushunarli va mazmunli muqobillar yaratish tilimizning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan 41 ta yangi so‘z va atama tasdiqlangan.
Ular orasida xalqqa ancha tanish bo‘lib qolgan so‘zlarning o‘zbekcha muqobillari ham bor. Masalan, “dedlayn” — “so‘ngmuddat”, “kommentariy” — “izoh”, “frilanser” — “erkin ishchi”, “trening” — “mashg‘ulot”, “palatka” — “chodir”, “mikser” — “qorgich”, “xeshteg” — “kalitso‘z”, “xostel” — “qo‘noquy” kabi atamalar shular jumlasidandir.
Albatta, yangi so‘zlarning ommalashishi bir kunda amalga oshmaydi. Odamlar yillar davomida ishlatib kelgan so‘zlariga o‘rganib qolgan bo‘ladi. Shuning uchun yangi atamalarni hayotga tatbiq etishda ularning sodda, tushunarli va qo‘llashga qulay bo‘lishi muhim.
Bunday tashabbuslarning ahamiyati shundaki, o‘zbek tili zamonaviy tushunchalarni ham o‘z imkoniyatlari bilan ifodalay oladi. Bu esa tilimizning lug‘aviy boyligini oshirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish va nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tilimiz qanchalik ko‘p sohada, ayniqsa ilm-fan, ta’lim, texnologiya, ommaviy axborot vositalari va internetda faol qo‘llansa, uning nufuzi ham shunchalik ortadi.
Ona tilimizni asrash — uni faqat asrab qolish emas, balki uni zamon bilan hamnafas ravishda rivojlantirishdir. Yangi atamalarning yaratilishi va hayotimizga kirib borishi esa o‘zbek tilining boy, zamonaviy va imkoniyatlari keng til ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Tuman hokimi maslahatchisi
U.Ernazarov
