Odam savdosi va bolalarni majburiy mehnatga jalb etishning salbiy oqibatlari hamda javobgarlik
2026-07-27 10:35:00 / Yangiliklar

Bugungi globallashuv davrida inson huquqlarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Afsuski, ayrim holatlarda odam savdosi va bolalarni majburiy mehnatga jalb etish kabi og‘ir jinoyatlar hanuz uchrab turibdi. Bu kabi harakatlar nafaqat alohida shaxslarning, balki butun jamiyatning taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Odam savdosi — bu insonlarni aldash, majburlash yoki zo‘rlik ishlatish orqali ularni ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish, sotib olish yoki boshqa shaxsga topshirishdir. Bu jinoyat turiga majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya, noqonuniy organ savdosi kabi holatlar kiradi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar — ayollar va bolalar bu jinoyatning asosiy qurbonlariga aylanmoqda.
Bolalarni majburiy mehnatga jalb etish esa ularning huquqlarini qo‘pol ravishda buzadi. Bola — bu hali to‘liq shakllanmagan, himoyaga muhtoj shaxs bo‘lib, uning asosiy vazifasi ta’lim olish va sog‘lom rivojlanishdir. Majburiy mehnat esa bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishiga jiddiy zarar etkazadi, uni ta’limdan uzoqlashtiradi va kelajak imkoniyatlarini cheklaydi.
Mazkur noqonuniy harakatlarning salbiy oqibatlari juda keng qamrovli. Avvalo, bu insonning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etadi. Jabrlangan shaxslar ko‘pincha ruhiy jarohat oladi, jamiyatga moslashishda qiynaladi. Bolalar esa o‘z vaqtida ta’lim ololmagani sababli kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib etishish imkonidan mahrum bo‘ladi.
Jamiyat nuqtai nazaridan qaraganda, bu kabi jinoyatlar ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi, jinoyatchilik darajasini oshiradi va iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, davlatning xalqaro obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasida odam savdosi va bolalarni majburiy mehnatga jalb etishga qarshi qat’iy choralar ko‘rilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. SHuningdek, bolalarni majburiy mehnatga jalb etish ham qonun bilan taqiqlangan bo‘lib, bu uchun ham jiddiy jazolar belgilangan.
Davlat tomonidan bu borada profilaktika ishlari ham olib borilmoqda. Aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan dasturlar, ta’lim tizimini rivojlantirish kabi choralar bu muammoni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosi va bolalarni majburiy mehnatga jalb etish — bu jamiyat uchun katta xavf tug‘diruvchi jinoyatlardir. Ularning oldini olish uchun har bir fuqaro hushyor bo‘lishi, qonunlarga rioya qilishi va bunday holatlarga befarq bo‘lmasligi zarur. Faqatgina umumiy sa’y-harakatlar orqali biz sog‘lom va adolatli jamiyatni barpo eta olamiz.
Jinoyat ishlari bo ‘yicha
Yangibozor tuman sudining
tergov sudyasi B.Hayitboev
