Taniqli olim Asqar Xolmurodov xotirasiga bag‘ishlangan kecha tashkil etildi
2025-10-24 10:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Bugun Yakkabog‘ tumanining Eski Yakkabog‘ mahallasi “Qo‘rg‘oncha” madaniyat saroyida taniqli biotexnolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Asqar Gʻaniyevich Xolmurodov xotirasiga bag‘ishlangan “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik — unutilmaydi” mavzusidagi xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova, Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Fozil Xidirov, nuroniylar, ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar hamda jamoatchilik a’zolari ishtirok etdilar.
Taniqli olim Asqar Gʻaniyevich Xolmurodov 1939-yil Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. U O‘rta Osiyo davlat universitetini tamomlab, umrini biologiya va biotexnologiya fanlari rivojiga bag‘ishladi.
Olim 1989-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi etib saylangan, uzoq yillar davomida Mikrobiologiya instituti direktori, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.
Uning ilmiy ishlari mikroorganizmlar biotexnologiyasi, biokimyo va ekologik xavfsizlik yo‘nalishlarida katta ahamiyat kasb etgan. Asqar Xolmurodov rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlar tayyorlangan, u yaratgan ilmiy maktab bugungi kunda ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Xotira kechasida so‘zga chiqqan senator Komila Karomova hamda hokim o‘rinbosari Fozil Xidirov olimning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, fidoyilik bilan o‘tgan hayoti va yurt ravnaqiga qo‘shgan xizmatlarini alohida ta’kidladilar.
Ishtirokchilar Asqar Xolmurodovning hayot yo‘li yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi ekanini, u o‘z ilmiy faoliyati orqali nafaqat O‘zbekiston, balki jahon biotexnologiya ilmida ham o‘z izini qoldirganini e’tirof etdilar.
