"HAR ISHDA ME’YOR YAXSHI": NEGA 3–4 SOATLIK MAROSIM UCHUN BORIMIZNI BERAMIZ?
2025-08-14 10:05:00 / Yangiliklar
YAKKABOG‘ TUMANIDA TO‘Y-MAROSIMLARNI ICHCHAM VA ME’YORIDA O‘TKAZISH MASALASI MUHOKAMA QILINDI

Yakkabog‘ tumani hokimi Abdinabi G‘iyosov rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tumanga qarashli mahalla yettiligi a’zolari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda to‘y-marosimlar, oilaviy tantanalar va boshqa tadbirlarni milliy qadriyatlarimizga mos, ichcham va me’yorida o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ayrim hududlarda dabdabali, ortiqcha xarajat talab qiladigan to‘y va marosimlar o‘tkazilayotgani yosh oilalarning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
— "Har bir yurtdoshimiz tushunishi kerakki, to‘y va marosimlar obro‘ orttirish vositasi emas, balki ikki yoshning baxt yo‘lidagi boshlanishidir. Isrofgarchilik, dabdabaga berilish, odob-axloqqa zid holatlarga barham berish — bugungi kun talabi. Qadimiy urf-odatlarimizni saqlab qolish, yoshlarimizga to‘g‘ri tarbiya berish barchamizning vazifamiz", — dedi Yakkabog‘ tumani hokimi Abdinabi G‘iyosov.
Tadbir davomida isrofgarchilikka barham berish, ortiqcha rasm-rusumlarni qisqartirish, spirtli ichimliklardan voz kechish, yoshlarni milliy qadriyat va odob-axloq ruhida tarbiyalash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, "To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar to‘g‘risida"gi Nizom talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha mahalla yettiligi va nuroniylar o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga mazkur yo‘nalishda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholiga kamchiqim, ichcham va mazmunli to‘y-marosimlarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

