Murojaat
2026-08-07 10:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Yakkabog‘ tumani IIB boshlig‘i X.A.Axmedovning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha tuman aholisiga murojaati

Yakkabog‘ tumani IIB boshlig‘i X.A.Axmedovning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha tuman aholisiga
M U R O J A A T I
Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari hamda aziz mehmonlar!
Barchangizning xabaringiz bor muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda ulkan o‘zgarish va islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu qatorda mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurash
tizimini tubdan yaxshilash davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilanib, bu borada amaliy
ishlarga kirishildi.
Bilasiz, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish jamiyat barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun juda muhim. Bu nafaqat shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash, balki iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Aziz tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda fuqarolar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish, o‘zganing mulkiga shikast yetkazish hamda nobud qilish orqali bezorilik jinoyatini sodir qilish ko‘payib bormoqda.
Afsuski, bu turdagi jinoyatlar sodir etilishi bilan birga huquqbuzarliklar salmog‘i so‘nggi vaqtlarda tumanimizda ham sezilarni darajada ortib bormoqda.
Bu turdardagi jinoyat va huquqbuzarliklarga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
- fuqarolarni jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq qoidalarini mensimasligi;
- spirtli ichimlik iste’mol qilish va bu orqali o‘zini boshqara olmaslik;
- fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmatsizlik;
Qayd etib o‘tish joiz, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida tumanimizda 383 ta jinoyatlar sodir etilgan.
Jami jinoyatlarning:
– 86 tasi (22,5%) oldi olinishi lozim bo‘lgan;
– 57 tasi (14,9 %) aniqlanadigan;
– 240 tasi (62,7 %) axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan jinoyatlarni tashkil etadi.
Jinoyat turlaridan og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, o‘g‘rilik, talonchilik hamda bezorilik jinoyatlari oshib ketishiga yo‘l qo‘yildi. Tahlillarga ko‘ra mazkur jinoyatlarning sodir bo‘lishiga, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi adovatning davom etayotganligi, oilada farzandlarga axloq-odob doirasidagi tarbiyaning yetarli daraja emasligi, fuqarolarning o‘z mol-mulkini quriqlash va asrashda yo‘l qo‘yyayotgan loqaydliklari hamda shaxsning qonun oldida har bir sodir etgan qonunbuzarligi uchun javobgarlik hissani sezmasligi, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishligi asosiy sabab ekanligi aniqlangan.
Shu jumladan Yakkabog‘ tumanida sodir etilgan 86 ta (22,5%) oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 5 tasi bezorilik jinoyatlar tashkil etgan.
Bezorilik jinoyatlarining;
- 3 tasi uncha og‘ir bo‘lmagan;
- 2 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi
Ushbu jinoyatlar oqibati:
- insonlar tinchligi, jamiyatda o‘rnatilgan odob-ahloq qoidalari buzilishiga;
- turli darajadagi tan jaroxati yetkazilishiga;
- mulk yoki mulkka bo‘lgan huquqdan ayrilishiga;
-insonlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarda ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onishiga;
-tushkunlikka tushish hamda oqibatda o‘zi yohud boshqa shaxslarga zarar yetkazish kayfiyatining shakllanishiga olib keladi.
Bulardan tashqari amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralarga qaramay, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar soni ortib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 240 ta mazkur sohaga oid jinoyatlar bo‘lib, ularning 127 tasi o‘g‘rilik, 109 tasi firibgarlik orqali sodir etganligi tashvishli hol albatta.
Ayniqsa, fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda (“telegramm”, “instagramm”, “onlayn treding savdo” va boshqa) ishonchsiz manbaalar ta’siriga tushib qolayotganligi, ushbu tarmoqlar orqali o‘zlariga tegishli bo‘lgan pul-mablag‘larini o‘zlari tanimagan, bilmagan va ko‘rmagan shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazib berayotganligi bu turdagi jinoyatlarning ko‘payishining asosiy omili bo‘lib qolmoqda. Oqibatda, ushbu fuqarolar firibgarlik jinoyatining qurboniga aylanib qolishmoqda. Bu turdagi jinoyat va huquqbuzarliklarga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
-fuqarolarning oson daromad topishga urunayotganligi;
-fuqarolarning o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk va pul mablag‘larini o‘zlari tanimagan shaxslarga ishonib topshirayotganligi;
-fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatining sustligi;
-ishonuvchanlik va o‘zga shaxslar tomonidan bildirilgan taklif oqibatlarini anglab yetmasdanoq ularning taklifiga rozilik berishga moyilligi;
Albatta ta’kidlash lozim bu turdagi salbiy
holatlarni oldini olish va oqibatlari bilan kurashishda ichki ishlar organlari mas’ul tashkilot, korxona, muassasa va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda muayyan ishlarni olib bormoqda.
Sohada qonuniylik hamda fuqarolar tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hali talaygina.
Bu borada xotirjamlikka berilmaslik va fuqarolarda qonunni, jamiyatda o‘rnatilgan odob-ahloq qoidalarini hurmat qilish bog‘lik ko‘nikmalarni shakllantirish, immunitetni bolalikdanoq singdirish barchamizning asosiy maqsadimiz, burchimizga aylanishi lozim.
Hech birimiz mayda huquqbuzarliklarga bee’tibor bo‘lmasligimiz va ushbu oddiydek ko‘ringan huquqbuzarlik oqibatlari kelgusida mudhish holatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmasligimiz kerak!
Xavfsizlik — o‘zingizdan boshlanadi!
Hurmatli fuqarolar, jinoyatlarning oqibatlarinigina emas, balki ularning sabablari va kelib chiqishiga imkon berayotgan shart – sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb bilib, birgalikda harakat qilsak o‘ylagan maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.
Ishonamizki, tumanimiz aholisi bu borada soha mas’ullaridan o‘z yordamini ayamaydi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
