Yangi tayinlov — gender tenglik siyosati amalda
2026-07-29 14:50:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat boshqaruvi tizimida xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ishtirokini kengaytirish, ularning bilim va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu tamoyil soliq tizimida ham izchil amalga oshirilmoqda. Rahbar kadrlarni tanlashda professionallik, mas’uliyat va boshqaruv salohiyati bilan bir qatorda gender tengligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda soliq organlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar 50 nafarni tashkil etishi bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Ana shunday muhim tayinlovlardan yana biri sifatida Soliq qo‘mitasi raisi buyrug‘iga muvofiq, Botirova Shaxnozaxon Ulug‘bek qizi Andijon viloyati Xonobod shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ushbu tayinlov mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularning rahbarlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat xizmatida teng imkoniyatlar tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.
Ishonchli va malakali rahbar kadrlarni tayyorlash, ayniqsa, salohiyatli xotin-qizlarni mas’uliyatli lavozimlarga keng jalb etish orqali soliq xizmatida samaradorlikni oshirish, aholi va tadbirkorlarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga erishish ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda.
