Korrupsiyaga qarshi kurashishda javobgarlik muqarrarligi ta’minlanadi
2026-10-16 12:30:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari 2026 yil 22 iyunda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi 1155-sonli Qonunni imzoladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizim shakllantirildi.
Mazkur Qonun korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Yangi Qonun mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va iqtisodiy sohada qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi strategik ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Qonun bilan 3 ta Kodeks va 5 ta Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri yuritiladigan bo‘ldi. Reestrga kiritilgan shaxslarga qator cheklovlar belgilanib, ular jumladan davlat xizmatiga kirishi, saylanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatishi, davlat xaridlarida qatnashishi taqiqlandi.
Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.
Huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega yangi institut – komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o‘rnatildi.
Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi. Idoraning birinchi rahbarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruhga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asos bo‘lganda, komplaens bo‘yicha o‘rinbosar yuqori turuvchi komplaens xizmati bilan kelishgan holda:
-tegishli hujjat va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etishi;
-rahbarning kadrlar va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki uni vazifadan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritishi mumkin.
Komplaens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo‘linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o‘rnatildi. Xususan:
-ularga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin;
-xodimning turar joyi, xizmat xonasi yoki transportiga kirish, ko‘zdan kechirish, tintuv, ashyo olish, telefon so‘zlashuvini eshitish, shaxsiy tintuv, xat-xabar va hujjatlarni olish faqat Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi;
— komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, u xizmatdan bo‘shatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga va ushlab turishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;
— xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.
Komplaens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etiladi. Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zida ham komplaens-nazorati tizimi olib boriladi.
Komplaens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplaens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Boshqacha aytganda, endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha jinoyatchilik statistikasi, amaliyot tahlili, aholining munosabati, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligi kabi ma’lumotlar aks ettiriladi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 8 ta yangi vazifa belgilandi.
Mamlakatimizda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi ustuvor vazifalar qonuniy asosda mustahkamlandi.
Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirildi. Ushbu Kodeksda aynan qaysi jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni yanada kuchaytirishga, davlat mulki va budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga chek qo‘yishga, ta’lim, yoshlar siyosati va davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlashga hamda har qanday korrupsiyaviy huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Urganch tumanlararo
iqtisodiy sud sudyalari N.Allaberganova va Sh.Davlatova









