“Rahbar va yoshlar”: Yangi hayot mahallasida ishsiz yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-11 20:50:00 / Yangiliklar
Yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ularning bandligini ta’minlash hamda hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish maqsadida Xiva shahar hokimi Temur Davletovning navbatdagi manzili “Yangi hayot” mahallasi bo‘ldi.

“Rahbar va yoshlar” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda ishsiz yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Suhbat davomida yoshlarning bandlik, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlari tinglandi.
Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, yoshlarni qiynayotgan masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, mavjud imkoniyatlar va davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.


