O‘ZBEK TILI — MILLAT G‘URURI, MA’NAVIYATIMIZ KO‘ZGUSI
2026-10-21 10:55:00 / Yangiliklar

O‘ZBEK TILI — MILLAT G‘URURI, MA’NAVIYATIMIZ KO‘ZGUSI
Bugun Xatirchi tumani markazidagi “Umummilliy birdamlik bog‘i”da 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosari Madamin Abdullayev, nuroniylar, ijodkorlar, ziyolilar hamda iqtidorli yoshlar ishtirok etib, ona tilimizning milliy o‘zligimiz, tariximiz va ma’naviy qadriyatlarimizni mujassam etgan bebaho boylik ekanini yana bir bor e’tirof etdilar.
Tadbir avvalida tuman hokimi o‘rinbosari Madamin Abdullayev tuman hokimining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini yanada yuksaltirish, uning sofligini asrab-avaylash, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy merosi, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho ma’naviy xazinadir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
Bayram tadbiri davomida tumanimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning nufuzini oshirish, ona tilimizning boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etish hamda yoshlar orasida til madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fuqarolar tuman hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu kabi e’tirof va rag‘batlar ona tilimizga bo‘lgan hurmatni yanada oshirish, til fidoyilarining samarali mehnatini qadrlash hamda ularning ezgu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Tadbirning badiiy qismida tuman Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ijodiy dastur ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, milliy qadriyatlarimiz va ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada mustahkamladi.
Bayram tadbiri ona tilimizga ehtirom, milliy g‘urur va ma’naviy birlik tuyg‘ularini tarannum etgan holda, barchani o‘zbek tilining sofligini saqlash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va kelajak avlodga munosib yetkazish yo‘lida faol bo‘lishga chorladi.









