Yoshlar bilan ochiq muloqot — ta’lim va imkoniyatlar uyg‘unligi
2026-08-20 10:30:00 / Yangiliklar

Yoshlar bilan ochiq muloqot — ta’lim va imkoniyatlar uyg‘unligi
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, yurtimizda yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borish, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda hududlarda rahbarlarning yoshlar bilan uchrashuvlari muntazam tashkil etilib, bildirilgan murojaatlar ijrosi joyida ko‘rib chiqilmoqda.
Xatirchi tumanida ham har hafta payshanba kuni “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar, uchrashuvlar va sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi uchrashuv tuman hokimi Umidjon Adizov ishtirokida “Chag‘atoy” mahallasi hududida joylashgan 69-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.
Ochiq muloqotda mahalladagi ishsiz yoshlar, maktab bitiruvchilari hamda iqtidorli yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat va takliflarini bildirdilar. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mavjud muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, 69-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim natijalari ham salmoqli. Joriy o‘quv yilida maktabni 79 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, ularning 60 nafari, ya’ni 76 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashgan o‘quvchilarning o‘rtacha natijasi esa 127,14 ballni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkichlar maktabdagi ta’lim jarayonlari samarali yo‘lga qo‘yilgani, pedagoglar jamoasining mehnati va o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan intilishi o‘zining amaliy natijasini berayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlardan biri asosida tuman hokimi maktabning eski binosidagi tayyorlov kurslari faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur bino 1991-yilda hashar yo‘li bilan bunyod etilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib ta’mirtalab holatga tushgan. Shunga qaramay, hozirda ushbu binoda 8 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 500 nafardan ortiq o‘quvchi oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida qo‘shimcha to‘garaklarda tahsil olmoqda.
Bu, bir tomondan, hududdagi yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan intilishi va bilim olishga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, ularga munosib sharoit yaratish zaruratini ham ko‘rsatmoqda.
Tuman hokimi mazkur binodagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ta’mirlash ishlarini tashkil etish hamda o‘quvchilar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish yuzasidan mutasullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Darhaqiqat, yoshlarning kelajagi haqida qayg‘urish — nafaqat ularning murojaatlarini tinglash, balki bu murojaatlar ortidagi ehtiyoj va muammolarni amalda hal etishni ham talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, bunday uchrashuvlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim va samarali mexanizmiga aylanmoqda.
Uchrashuv yakunida tuman hokimi Umidjon Adizov yoshlarning kelgusidagi o‘qish va faoliyatlarida omad tilab, puxta bilim olish, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallash, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Zero, yoshlar bilan ochiq muloqot — bu nafaqat muammolarni eshitish, balki ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun amaliy imkoniyatlar yaratish demakdir.








