Brifing
2026-07-21 12:00:00 / Matbuot anjumanlari

Assalomu-alaykum hurmatli tumandoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, brifing ishtirokchilari!
Hurmatli Davlatimiz Rahbari Shavkat Miromonovich tomonlaridan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha yaratib berilgan keng imkoniyatlar natijasida hamda aholi murojaatlariga asosan mahallalarda yillar davomida to‘planib qolgan tizimli muammolarni bartaraf etish borasida tumanimizda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan bunday xayrli ishlar doirasida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish choralari ko‘rilmoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar aholining kayfiyatiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, har bir xonadonga farovonlik va fayz olib kirmoqda. Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning dardu tashvishlarini eshitish va muammolariga tezkor yechim topish bugungi kunda asosiy vazifalarimizdan eng muhimidir.
Bugun tizimli ravishda hal etilayotgan har bir murojaat ortida inson manfaatlari va yurtimiz istiqboliga bo‘lgan yuksak e’tibor mujassamdir.
Hurmatli tumandoshlar, brifing ishtirokchilari!
Sizlarga, Xatirchi tumanida 2026 yilning birinchi yarim yilligi davomida aholi murojaatlari bilan ishlash holati, erishilgan natijalar hamda bu borada oldimizda turgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot beraman. Bugungi kunda, tumanimizda 219 ming 900 nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.
Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularning muammo va takliflarini o‘z vaqtida hal etish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash doimiy e’tiborimizdagi eng muhim yo‘nalishlardan biridir.
2026 yilning o‘tgan 6 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari orqali 3 ming 317 ta murojaatlar kelib tushgan, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 620 taga yoki 15 foizga kamayishiga erishildi. Ushbu ko‘rsatkich fuqarolarning muammolarini ijobiy hal etish, sayyor qabullarni o‘tkazish va mas’ul tashkilotlar faoliyati samaradorligini belgilab beradi.
Kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 923 tasi ko‘rib chiqildi, shundan 2 ming 659 tasi, ya’ni 90,1 foizi qanoatlantirildi, 1 ming 121 ta murojaatlar ijobiy hal etildi, 1 ming 538 ta murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolarimiz asosan ijtimoiy himoya, moddiy yordam, aliment undirish, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda infratuzilma bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qilgan.
Xususan, 18 yoshgacha bolalar nafaqasi bo‘yicha 303 ta, aliment undirish bo‘yicha 256 ta, bir martalik moddiy yordam olish bo‘yicha 135 ta, ish bilan ta’minlash bo‘yicha 93 ta, davolanishi uchun moddiy yordam bo‘yicha 74 ta, ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 72 ta, nogironlik guruhini belgilash bo‘yicha 65 ta murojaat qilgan.
Fuqarolarimizning murojaatlariga asosan, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda manzilli ishlar amalga oshirildi. Fuqarolar bilan ochiq muloqotni tashkil etish maqsadida hisobot davrida 88 ta sayyor qabullar o‘tkazildi.
Ushbu qabullarda 831 nafar fuqarolarning murojaati qabul qilinib, 313 ta murojaat ijobiy hal etildi. Bu amaliyot aholi muammolarini bevosita joyida hal etishda o‘z samarasini bermoqda.
2026 yilning o‘tgan 6 oyi davomida “Xo‘jaqulobod”, “Alisher Navoiy”, “Navbaxor”, “Qoracha”, “Damariq” va “Uchqora” mahallalaridan murojaatlar eng ko‘p kelib tushgan bo‘lib, mazkur mahallalarda aholining murojaatlarini ijobiy hal etish bo‘yicha o‘zim boshchiligimda joyiga chiqqan holda tegishli tashkilot rahbarlari bilan birgalikda zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, aholi murojaatlaridan kelib chiqib, tumanda 2026 yilning o‘tgan davri davomida 1.1 km yangidan ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 2 ta ichimlik suvi uchun nasos o‘rnatildi, 4,7 km mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar yangidan asfalt qilindi, 13,7 km mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, 45 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 32 km ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, 570 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 266,9 km 0,4-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlandi, 100 ta transformator punktlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, 18,2 km gaz quvurlarida ta’mirlash va bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi, 11 km piyodalar yo‘laklari qurilmoqda.
Aholi bandligini ta’minlash borasida esa jami 1 ming 435 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning 794 nafar oila a’zosi ishga joylashtirilib, 440 nafariga imtiyozli kreditlar, 21 nafariga subsidiya va ssudalar ajratildi, 116 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi hamda 1 ming 950 nafar oila a’zosi tadbirkorlikka jalb etish orqali daromadlari oshirilishiga erishildi.
Tumanda ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar hamda xatlov natijalariga ko‘ra keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Xususan, aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 237 marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, natijada 468 nafar bemorga respublika shifoxonalarida davolanish uchun orderlar berildi, 12 ming 876 nafar fuqaro tuman markaziy shifoxonasida imtiyozli davolandi, 1 ming 15 nafari bepul dori-darmon bilan ta’minlandi, 77 nafar fuqaroda homiylik mablag‘lari hisobidan jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida esa 1 ming 771 nafar fuqaroga bola nafaqasi, 183 nafariga moddiy yordam, 83 nafariga boquvchisini yo‘qotganlik va 18 nafariga yoshga doir nafaqalar tayinlandi.
Shuningdek, uy-joy sharoiti og‘ir bo‘lgan 25 nafar fuqaroning uylari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlab berildi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magida esa 54 ta xonadonga energiya samaradorligini oshirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatildi.
Shuningdek, murojaatlarni qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va ijobiy hal etilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarning javobgarligi masalasi yuzasidan qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 nafar xodimlarga nisbatan mehnat qonunchiligiga muvofiq intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, mas’ullarning shaxsiy javobgarligi kuchaytirildi.
Hurmatli brifing ishtirokchilar!
Fuqarolarning har bir murojaati biz uchun muhim. Chunki har bir murojaat ortida inson taqdiri, oilaning muammosi va aholining davlat idoralaridan kutayotgan ishonchi mujassamdir.
Shu bois, kelgusida ham murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ayniqsa ijtimoiy yordam, infratuzilma va bandlik bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish, shuningdek, ijro intizomini yanada mustahkamlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!

