TABRIK
2026-05-27 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!
Avvalo, tumanimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni muborak Qurbon hayiti ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 27-may kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Bu esa xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat va shukronalik bilan qarshi olindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror asosida yurtimizda ko‘plab xayrli va savobli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida tumanimizda ham keng qamrovli ishlar tashkil etildi. Xususan, 6 ta masjidning tahoratxonalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan.
Shuningdek, davlat ta’minotidagi 1915 nafar oila va yolg‘iz fuqarolarga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 22 nafar bolaning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollaridan pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. 99 nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash hamda jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish uchun vaucherlar topshirildi.
Bu kabi savobli ishlar yurtimizda inson qadri ulug‘ ekanligi, har bir fuqaro davlat e’tibori va g‘amxo‘rligida ekanining yana bir amaliy ifodasidir.
Aziz do‘stlar!
Ming shukrki, istiqlol yillarida xalqimizning muqaddas Haj va Umra ziyoratlarini ado etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 122 nafar fuqaromiz Umra ziyoratini ado etdi. Ayni vaqtda 36 nafar hoji ota va hoji onalarimiz Haj safarida bo‘lib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duo qilmoqdalar.
Qadrli tumandoshlar!
Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida notinchlik va tahlikali vaziyatlar yuz berayotgan bir paytda, yurti-mizda Qurbon hayitini tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitida nishonlayotganimiz uchun Yaratganga beadad shukronalar aytamiz.
Allohning rahmati va barakasi yer yuziga yog‘iladigan ushbu muborak kunda xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha soha vakillari haqqiga ezgu duolar qilaylik.
Yana bir bor barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xonadonlarimiz fayzu barakadan obod bo‘lsin!
Qurbon hayiti barchangizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Umidjon Adizov,
Xatirchi tumani hokimi
