TABRIK
2026-05-25 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli ustoz va murabbiylar, muhtaram ota-onalar hamda aziz bitiruvchilar!
Barchangizni 2025–2026-o‘quv yilining muvaffaqiyatli yakunlangani hamda “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida o‘tayotgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Joriy yilda tumanimizdagi umumta’lim maktablarini 2 409 nafar yoshlar tamomlab, hayotning yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘ymoqdalar.
📚 Keyingi yillarda Xatirchi tumanida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarga zamonaviy va sifatli ta’lim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Investitsiya hamda “Tashabbusli byudjet” dasturlari doirasida 1-, 5-, 25-, 34-, 42-, 60-, 61-, 69-, 89-maktablarda 17,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 1 338 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurib bitkazildi. Shuningdek, viloyat hokimi tashabbusi bilan 15- va 29-maktablarda faollar hamda sport zallari barpo etilmoqda.
Yoshlarimizga xalqaro standartlar asosida ta’lim berish maqsadida xorijlik mutaxassislar — Filippindan Steve Anuego Rassa 20-maktabga hamda Hindistondan Nissi Shulammite 65-maktabga jalb etildi.
O‘tgan yili bitiruvchilarimizning 60 foizi talabalik baxtiga musharraf bo‘ldi, 130 nafari oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi. Joriy yilda esa milliy va xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilarimiz soni 1120 nafarga yetdi. 32 nafar bitiruvchimiz test sinovlarida eng yuqori — 189 ballik natijani qayd etdi.
Fan olimpiadasining respublika bosqichida 22-maktab o‘quvchisi Nigora Murodullayeva ona tili va adabiyot fanidan II o‘rinni, 55-maktab o‘quvchisi Hulkar Qurbonboyeva geografiya fanidan III o‘rinni egallab, tumanimiz sharafini munosib himoya qildilar.
Aziz bitiruvchilar!
Sizlar — Yangi O‘zbekistonning ishonchli tayanchi, ertangi kun bunyodkorlari va kelajagimiz egalarisiz. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ilm-fan va taraqqiyot yo‘lida qat’iyat bilan odimlashingizga, ota-onangiz hamda ustozlaringiz ishonchini oqlab, Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladigan komil insonlar bo‘lib yetishishingizga ishonaman.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, kelgusi o‘qish va ish faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz yoshlar!
Hurmat bilan
Umidjon Adizov,
Xatirchi tumani hokimi
