MAQOLA
2026-03-05 14:00:00 / Yangiliklar

2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” yili.
“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”, deb ta’kidladi davlati rahbari Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida.
Aslida Davlatimiz rahbari bu illatga nisbatan o‘zining o‘ta tanqidiy munosabatlarni doimiy bildirib kelgan va korrupsiyaga qarshi kurashishni Davlat siyosatining eng ustuvor vazifalari deb qaragan.
Xususan, Prezidentimiz o‘z vakolatiga kirishishar ekan 2017-yil 3-yanvarda eng birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi Qonunini imzoladi va ushbu Qonun bilan Davlatimizning mazkur illatga qarshi kurashishdagi asosiy prinsiplari belgilandi.
Mazkur prinsiplar qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligidan iborat ekanligi Qonunda mustahkamlab qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari esa, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashdan iborat ekanligi belgilandi.
2024-yilni 5-iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan va 2024-yilni 6-dekabridan boshlab kuchga kirgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni esa Mamlakatimizda korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solishning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyatdir.
Qonun bilan Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi:
-o‘z lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘z shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi;
-lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi;
-o‘zining bevosita bo‘ysunuvidagi xodimlarni yoki boshqa xodimlarni bevosita yoki bilvosita o‘zining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlovchi harakatlarga (harakatsizlikka) majburlamasligi kabi shart bo‘lgan holatlar belgilab qo‘yildi.
Albatta mazkur Qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan samarali mexanizmni yaratishga va natijadorligini oshirishga, davlat xizmatini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligiga xizmat qiladi.
Biroq, bu jabhada haqiqiy natijaga erishish va mavjud Qonunlarimizni ustuvorligini ta’minlash uchun yurtimizdagi har-bir fuqaro bu illatga o‘ta salbiy va murosasiz munosabatda bo‘lishi, avvalambor o‘zi bunday salbiy munosabatlarni yuzaga keltirmasligi, yuzaga kelgan vaziyatlarda esa bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar berishi lozim bo‘ladi. Chunonchi, korrupsiya bor joyda adolat va rivojlanish bo‘lmaydi, u taraqqiyot va jamiyatning kushandasi, unga nisbatan barchamiz “halollik vaksinasi” bilan emlanib bir vaqtda va baravar qarshi kurashishimiz lozim.
Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda jamiyatimizning barcha a’zolari “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.
Navoiy viloyat sudi sudyasi Sh.Qodirov
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi B.Djumayev
