MAQOLA
2026-02-26 18:00:00 / Yangiliklar
Huquqiy ong va huquqiy madaniyat – jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori

Huquqiy ong va huquqiy madaniyat – jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori
Bugungi kunda, jamiyat taraqqiyotida fuqarolarning, ayniqsa yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilishning hozirgi bosqichida fuqarolarning huquqiy madaniyatiga bo‘lgan talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Zero, muxtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek “toki jamiyatning har qaysi a’zosi o‘z huquqi, o‘z burchi va mas’uliyatini puxta bilmas ekan, uni hayotiy ehtiyoj sifatida anglamas ekan, bizning islohot, yangilanish haqidagi barcha so‘zlarimiz, sa’y harakatlarimiz besamar ketaveradi. Bugun odamlarning dunyoqarashi, ongi, tafakkurini o‘zgartirish mana shu masala bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qoladi”.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5618-sonli farmoni bugungi kunda ham asosiy me’yoriy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur farmon jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish va yuksaltirishni tizimli tarzda amalga oshirish, huquqiy targ‘ibotni tashkil qilish va aholi huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks choralar belgilaydi, bu hujjat huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishni davlat siyosati darajasiga ko‘targan va uni amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlar hamda vazifalarni belgilab bergan.
Shu sababli farmonda yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otishga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilandi.
Bundan tashqari, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish bugungi kunda ham ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmog‘i kerak.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolarda huquqiy madaniyat va tafakkurni shakllantirish, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini ularga yetkazish, fuqarolarda tegishli normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanish, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning tartibotlari, shakllari va uslublaridan foydalanish to‘g‘risidagi bilimlarni oshirish maqsadida inson huquqlari sohasidagi ijtimoiy ongni hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli va tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bunday chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholining huquqiy madaniyati yuksalib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib bormoqda. Bu esa huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi.
B.Babaqulov - Navoiy viloyat sudi sudyasi
