Rasmiy munosabat
2026-06-02 17:29:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Transport nazorati inspeksiyasi xodimi va haydovchi o‘rtasida kechgan holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil transportida nazorat Toshkent viloyati hududiy bo‘limi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari davomida “Damas” avtomobili to‘xtatilganda, haydovchi inspektorning qonuniy talabiga rioya qilmay, o‘z yo‘nalishida davom etgan. Inspektor qonunchilik doirasida “Damas” avtomobilini kuzatib borib, avtomobil to‘xtaganda haydovchining harakatlari qonunga xilof ekanligini tushuntirib, qoidabuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 668-son qaroriga muvofiq, reyd tadbirlarida mustaqil ravishda avtomobillarni to‘xtatish huquqiga ega ekanliklarini eslatib o‘tamiz. Inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati
