Sog‘lom ma’naviy muhit va ochiq muloqot – samarali davlat xizmati asosi
2026-04-30 16:26:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasining Toshkent shahri va viloyati hududiy bo‘limlari xodimlari uchun navbatdagi seminar-trening tashkil etildi. Tadbir davomida davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, aholida ijobiy fikr shakllantirish hamda jamoatchilik bilan ochiq va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar doirasida “Sog‘lom ma’naviy muhit – jamoa boyligi” mavzusida jamoaviy qadriyatlarni rivojlantirishga qaratilgan interfaol metodlar asosida trening o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar o‘zaro ishonch, hurmat, mas’uliyat va hamjihatlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdilar. Guruhiy ishlanmalar, muhokamalar va amaliy topshiriqlar orqali sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari, xizmat faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, murojaatlar bilan ishlashda mas’uliyatni oshirish kabi muhim jihatlar tushuntirildi. Davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda ham fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish muhim ekani alohida qayd etildi. Jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi bilan muloqotda ochiqlik va samimiylik tamoyillariga rioya etish orqali davlat idoralariga nisbatan ishonchni yanada oshirish mumkinligi qayd etildi.


