Xalqaro transport-logistika forumida muhim masalalar muhokama qilinmoqda
2026-04-03 15:14:00 / Yangiliklar

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Xalqaro transport-logistika forumi davom etmoqda. Mazkur forum transport va logistika sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilg‘or tajriba almashish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma hisoblanadi.
Tadbirning navbatdagi kunida transportda nazorat organlari vakillari tashishlar xavfsizligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi Temir yo‘l transporti va metropolitenda nazorat boshqarmasi boshlig‘i A.Abdurahmanov masofadan videokonferens aloqa orqali ishtirok etdi.
A.Abduraxmanov bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, MDHga a’zo davlatlar uchun yagona temir yo‘l transportiga oid yo‘riqnoma va qoidalarini ishlab chiqish lozimligi, bunda temir yo‘llar infratuzilmasi va harakatdagi tarkiblarning xususiyatlari bir xil ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Takliflar ishtirokchilarga qiziqish uyg‘otdi va ijobiy qabul qilindi.



