Transport nazorati inspeksiyasi xodimiga pora taklif qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi
2026-02-11 17:15:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat Navoiy viloyati hududiy bo‘limi inspektorlari Karmana tumanidagi “Samarqand” YPX maskanida “HOWO” avtotransport vositasi to‘xtatib tekshirilganda avtotransport vositasidagi Turkiya davlatidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan tirkama bilan harakatlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Inspektor tomonidan avtotransport vositasi hujjatlari tekshirib ko‘rilganda haydovchi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 125-2-moddasi (boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuklarni va (yoki) yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish) bilan bog‘liq huquqbuzarlik alomatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi davomida haydovchi yonida bo‘lgan va o‘zini yukning egasi sifatida tanishtirgan fuqaro inspektorga 800 ming so‘m pul taklif qilib, chora ko‘rmaslikni so‘ragan.
Fuqaroga ushbu harakatlari jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirilishiga qaramay, fuqaro yuqoridagi harakatlarini davom ettirib xodimning xizmat vazifasini olib borishga to‘sqinlik qilgan.
Inspektor holat yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul xodimga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Hamkorlikda tashkil etilgan tezkor tadbirda fuqaro 800 ming pul mablag‘idan 500 ming pul mablag‘ini inspektorga pora tariqasida berayotgan vaqtida prokuratura va IIB tezkor xodimlari hamda xolislar ishtirokida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 211-moddasiga (pora berish) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.



