Tadbirkorlar huquqlari - qonun himoyasida
2025-12-22 12:00:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat Farg‘ona viloyati hududiy bo‘lim tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning Farg‘ona viloyati sho‘basi hamda Farg‘ona viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan hamkorlikda tadbirkorlar ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda transport sohasidagi amaldagi qonunchilik, litsenziyalash tartiblari, xavfsizlik talablariga rioya etish hamda tadbirkorlik faoliyatini qonuniy va samarali olib borish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-184-son Farmonining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Unda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, noqonuniy tekshiruvlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda davlat organlari bilan munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan muhim normalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur seminar transport sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning huquqiy bilimlarini oshirish, xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

