Qo'mita haqida
O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-84-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Qo‘mita oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi hamda nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Qo‘mita faoliyatining asosiy maqsadi — “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida aholiga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish, sohada xalqaro standartlarni joriy etishdan iborat.
Qo‘mitaning asosiy maqsad va vazifalari:
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati va boshqaruvini amalga oshiradi;
- oziq-ovqat xomashyosi va iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi subyektlar tomonidan xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilish uslubiyatini ishlab chiqadi va joriy etadi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va gigiyenasiga oid sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, shu jumladan umumiy ovqatlanish sohasida belgilangan sanitariya va gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazadi hamda qonunbuzilish holatlarida belgilangan choralarni ko‘radi;
- oziq-ovqat mahsulotlarining majburiy xavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha maxsus ekspertizalarni tashkil etadi va o‘tkazadi, tegishli ruxsatnoma hamda sanitariya-epidemiologik xulosalarni rasmiylashtiradi;
- oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarning yuzaga kelish sabablarini tahlil qiladi, ularning oldini olish choralarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlaydi, baholaydi va boshqaradi, bunda ilmiy asoslangan yondashuvlardan foydalanadi;
- oziq-ovqat xavfsizligi sohasining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilaydi hamda fundamental, amaliy va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi;
- oziq-ovqat biznesi operatorlari faoliyatiga xavflar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HACCP) tamoyillarini keng joriy etishni ta’minlaydi hamda ularning iste’molchiga xavfsiz mahsulot yetkazib berishdagi mas’uliyatini oshiradi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasidagi sanitariya va gigiyena talablarini xalqaro standartlar, jumladan, Alimentarius kodeksi talablariga muvofiqlashtirishni ta’minlaydi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida inspeksiya, ro‘yxatga olish, monitoring, kuzatuv va xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etadi;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimida xavflarni baholash, boshqarish va xavf to‘g‘risida xabardor qilish mexanizmlarini rivojlantiradi;
- xalqaro standartlarga asoslangan oziq-ovqat xavfsizligi qoidalari va normalarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etishda ishtirok etadi;
- oziq-ovqat biznesi operatorlari bilan muntazam maslahatlashuvlar olib boradi va ular uchun uzluksiz treninglar tashkil etadi;
- O‘zbekiston Respublikasida sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlarni xabardor qilish va ularning asoslangan so‘rovlariga javob berish tartib-taomillarini joriy etadi;
- O‘zbekistonga olib kiriladigan va mamlakat hududida ishlab chiqariladigan biologik faol qo‘shimchalar muomalasini tartibga soladi;
Veterinariya sohasida:
- veterinariya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtiradi va veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi;
- mamlakat hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilish, kasalliklarning oldini olish, o‘z vaqtida aniqlash va tarqalishining oldini olish choralarini muvofiqlashtiradi;
- veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati va muomalasi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
- chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirish jarayonlarini ta’minlashda ishtirok etadi;
- veterinariya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Fitosanitariya va agrokimyo sohasida:
- o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshiradi;
- tuproqning agrokimyoviy tahlillarini o‘tkazadi, mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifatini nazorat qiladi;
- tuproq va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida pestitsid, nitrat va og‘ir metall qoldiqlarini aniqlash bo‘yicha tahlillar o‘tkazadi;
- zararli organizmlarning tarqalishini prognoz qiladi, monitoring olib boradi hamda ularning mamlakat hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish va yo‘q qilish choralarini ko‘radi;
- o‘simliklarni himoya qilish vositalari, mineral va mikrobiologik o‘g‘itlarning biologik samaradorligini sinash va ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etadi;
- kimyoviy va biologik vositalardan foydalanish sohasida normativ, reglament va standartlar ishlab chiqadi;
- fitosanitar xavfsizlik sohasida ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini rivojlantiradi, xalqaro hamkorlikni kengaytiradi hamda soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi.
