O‘zbekiston va Avstriya chorvachilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda
2026-10-16 15:00:00 / Yangiliklar

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri (AAC) bosh direktori Herman Wieser va Avstriya elchixonasining savdo maslahatchisi Rudolf Lukavslkiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda naslli qoramollar savdosini kengaytirish, hayvonotga mansub mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish hamda veterinariya sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Avstriyaning naslchilik va genetika yo‘nalishidagi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash, jumladan, naslli qoramollar embrionlarini yetishtirish va transplantatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston veterinariya mutaxassislarining Avstriyada malakasini oshirish va avstriyalik ekspertlar ishtirokida mamlakatimizda amaliy seminar-treninglar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil oktabr oyiga qadar Avstriyadan O‘zbekistonga 1 500 bosh Simmental zotli naslli qoramol, 714 tonna veterinariya dori vositalari va ozuqa qo‘shimchalari hamda 4,7 tonna sut mahsulotlari import qilindi. O‘zbekistondan esa Avstriyaga 34,5 tonna hayvonotga mansub mahsulotlar eksport qilindi.




