Qo‘mita mutaxassislari KOICA xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etmoqda
2026-10-14 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasining ikki nafar xodimi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan tashkil etilgan “Global o‘simliklar karantini tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha salohiyatni oshirish” xalqaro o‘quv dasturida qatnashmoqda.
2026-yil 12–23-oktabr kunlari Koreya Respublikasida o‘tkazilayotgan dasturda Butan, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Nepal, Filippin, Tailand, O‘zbekiston va Vyetnamdan jami 20 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda. O‘quv dasturining asosiy maqsadi o‘simliklar karantini sohasida institutsional va texnik salohiyatni mustahkamlash, Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi hamda zamonaviy texnologiyalarini o‘rganishdan iborat.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘simliklar karantini tizimini tashkil etish, eksport-import jarayonlarida fitosanitar talablarni qo‘llash, karantin zararkunandalarini aniqlash va identifikatsiya qilish hamda fitosanitar nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshiradilar.
Dastur yakunida olingan yetakchi tajribalarni milliy fitosanitar tizim faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha amaliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonda o‘simliklar karantini tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va eksport geografiyasini kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.




