Birinchi O'zbekiston-Koreya hududlararo hamkorlik forumida Quva anorlari namoyish etildi
2026-09-12 15:55:00 / Yangiliklar

Quva tumanida yetishtirilayotgan anorning dastlabki partiyasi Janubiy Koreyaga yetkazildi. Ma’lumot uchun, Far'gona viloyatining ushbu tumani anorchilik sohasida ko‘p yillik tajriba va o'z an’analariga ega. Hududning mazkur turdagi mevalari o‘zining mazasi, tashqi ko‘rinishi va sifati bilan nafaqat ichki bozorda, balki xorijiy iste’molchilar orasida ham tobora ommalashmoqda.
Anorchilik tuman iqtisodiyotining muhim drayver sohalaridan biriga aylanib, aholi bandligini ta’minlash, xonadonlar daromadini oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Kuni kecha mahalliy korxona tomonidan 2026-yilning ilk eksport partiyasi — 9 tonna Quva anori Janubiy Koreyaga eksport qilindi. Hozirda mazkur mahsulotlar mamlakatning yirik savdo do‘konlarida iste’molchilarga taklif etilmoqda. Bu nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlarni ochayotgani, balki Quva anorining xalqaro miqyosda raqobatbardosh mahsulot sifatida tan olinayotganidan ham dalolatdir.
Farg‘ona viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi mutaxassislari eksport jarayonlariga yaqindan ko‘maklashib, eksport qilinayotgan mahsulotlarning belgilangan fitosanitar va sifat talablariga muvofiqligini ta’minlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda xorijiy bozorlarga chiqarish jarayonini tezlashtirishga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ma'lumot o'rnida qayd etish lozim, Seul shahrida birinchi O'zbekiston-Koreya hududlararo hamkorlik forumi o’tkazilib, tadbir doirasida milliy mahsulotlar ko’rgazmasi tashkil etildi. Forum mehmonlariga Quva anorlari ham namoyish etildi.







