#murojaat_yuzasidan: asalarilar uchun 1-xavflilik sinfidagi kimyoviy preparatlarni import qilish taqiqlangan
2026-09-12 11:55:00 / Yangiliklar

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisining o‘simliklar himoyasi va karantini yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Urunov kimyoviy vositalarni ro‘yxatga olish yuzasidan murojaat yo‘llagan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
O‘simliklarni himoya qilish vositalarini importi va realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi korxona vakillari kimyoviy preparatlarni O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha murojaat qilgan edi. Murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Tarkibida Emamectin benzoate 2,15% va Indoxacarb 10% ta’sir etuvchi moddalari mavjud bo‘lgan preparatlar insektitsid va akaritsidlar toifasiga kiradi. Preparat belgilangan tartibda, xususan, g‘o‘zada g‘o‘za tunlamiga qarshi qo‘llash uchun qayta rasmiylashtirilgan va import qilishga ruxsat etildi.
Tarkibida Thiacloprid ta’sir etuvchi moddasi bo‘lgan kimyoviy preparatni import qilish rad etilgan. Amaldagi talablarga muvofiq, Thiacloprid moddasi mavjud bo‘lgan preparatlarni mamlakat hududiga olib kirish va ishlab chiqarish taqiqlangan. Sababi ushbu modda atrof-muhitga, xususan asalarilar uchun 1-darajali xavflilik sinfiga kiradi.
Muhim! Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va qishloq xo‘jaligida qo‘llashga ruxsat etilgan o‘simliklarni himoya qilish vositalarini mamlakat hududiga olib kirish va realizatsiya qilish mumkin.
Kimyoviy vositalar importi bilan bog‘liq tartib-taomillar tadbirkorlarga tushuntirilib, asosiy maqsad — o‘simliklarni himoya qilish vositalaridan xavfsiz va qonuniy foydalanishni, inson salomatligi, atrof-muhit va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashdan iborat ekanligi ma’lum qilindi.




