Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi
Milliy kino san’atini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni tizimli davom ettirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yurtimizda jahon tajribasi asosida kino ishlab chiqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy kinosanoat infratuzilmasini yaratish va kinoprokat tizimini rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 6202-Farmoniga muvofiq “O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi nomi ostida qayta tashkil etildi.
Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar:
kino san’atining milliy madaniyatni rivojlantirish, jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda bu sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
kino san’atida, kino-video faoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar, kinostudiyalar va ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
milliy kino san’atining eng yaxshi an’analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iqtidorli yosh kinematografchilarni tarbiyalash, ularning ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
“Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasi faoliyatini bugungi kun talablari negizida tashkil etish;
kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar tashkil qilish orqali takomillashtirish va qayta texnik jihozlash, aholiga kino-video xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish;
mualliflik huquqlari himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga, ulardan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi zarur choralar ko‘rish;
import va eksport qilinadigan kino va video mahsulotlariga ekspert bahosi berilishini amalga oshirish, respublika hududida kino va videofilmlar ko‘rsatish va ulardan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini belgilash;
kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va kinoijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san’atini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish.
