Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
2026-06-12 15:00:00 / Yangiliklar
Bugun “O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi” davlat muassasasi hamda “O‘zbekiston kino san’ati muzeyi” davlat muassasasi rahbar va xodimlari ishtirokida davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni barvaqt aniqlash va oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminarda Agentlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens nazorat xizmati bosh mutaxassisi Yahyo Eshonxonov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, davlat xaridlarida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida tegishli davlat organlariga o‘z vaqtida xabar berishning ahamiyati haqida tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
