Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivali g‘oliblari tantanali kutib olindi
2026-05-20 10:00:00 / Yangiliklar

Avvalroq, Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilayotgan mashhur “Cannes Film Festival” doirasida bo‘lib o‘tgan ENTRE DEUX CANNES 17-xalqaro inklyuziv kinofestivalida O‘zbekiston kinoijodkorlarining “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli filmi eng oliy mukofotga sazovor bo‘lgani haqidagi xabar keng jamoatchilikni quvontirgan edi.
Bir muddat o‘tgach, mazkur xalqaro muvaffaqiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham alohida e’tirof etilib, “Xalqaro kinofestivalda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.
Unga muvofiq, Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivalida Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan ijodkorlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanishi belgilandi. Ushbu qaror soha vakillari hamda ijodkorlar tomonidan katta mamnuniyat va faxr bilan kutib olindi.
Bugun, 20-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro kinofestivali g‘oliblarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festival g‘oliblarini Ozodbek Nazarbekov, Prezident Administratsiyasi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kino ixlosmandlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi. Tadbir davomida g‘oliblarga gullar topshirilib, ularning xalqaro maydondagi yutug‘i alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Prezident Farmoniga muvofiq “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan kinorejissyorlar Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonovga mukofotlar vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda san’at va madaniyatni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi e’tibor o‘zbek kinosining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Madaniyat vazirligi jamoasi Fransiyaning Kann shahrida oʻtkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro kinofestivalida Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan ijodkorlarni muborakbod etadi.



