DIQQAT, TANLOV! O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi 2026-yilda davlat buyurtmasi asosida ustuvor mavzular boʻyicha ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan kinoloyihalar uchun ijodiy tanlov e’lon qiladi.
2026-05-01 09:52:00 / Yangiliklar
Tanlovga taqdim etilgan qisqartirilgan adabiy ssenariylar (sinopsislar) quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:
o‘zbek tilida (Agar xorijiy tilda yozilsa, adabiy ssenariy tarjimasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tafovutlarning oldini olish maqsadida oʻzbek tilidagi tarjimasi bilan birga topshiriladi), adabiy til va imlo qoidalariga rioya qilingan holda A4 formatda, 14 shriftda, 1,5 intervalda yozilgan bo‘lishi kerak.
Eslatma: Ishtirokchi har bir (lot) yoʻnalish uchun faqat bitta taklif berishga haqli.
Tanlov ishtirokchilarining takliflari tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan manzil boʻyicha muhrlangan konvertda taqdim etiladi.
Tanlovga taqdim etilgan sinopsislar va kinoloyihalar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.
Tanlov mavzulariga mos bo‘lmagan va talablariga zid bo‘lgan kinoloyihalar muhokama uchun qabul qilinmaydi.
Qisqartirilgan adabiy ssenariylar (sinopsislar) va kinoloyihalar belgilangan muddatlarda tanlov ishtirokchilarining (kino faoliyati bilan shug‘ullanuvchi studiya) arizasi bilan Kinematografiya agentligining Kinoloyihalar bilan ishlash boshqarmasining Davlat buyurtmasi bilan ishlash boʻlimiga topshiriladi.
🔗 👉 Tanlov shartlari (https://t.me/uzbekkinopress/28247)
🔗 👉 Tanlovga ariza namunasi (https://t.me/uzbekkinopress/28248)
📆 Arizalar 2026-yil 2-iyun soat 18:00 gacha qabul qilinadi.
📞 Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: 71 277-81-49.
📍 Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor ko‘chasi, 1A-uy.
Quyida tanlov mavzulari bilan tanishishingiz mumkin👇
Telegram (https://t.me/uzbekkinopress/28247)
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi
Tanlov shartlari:
VMQ-695-son qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq
Tanlovga taqdim etiladigan kinoloyihalar quyidagi mavzu va yo‘nalishlarda qabul qilinadi:
1. Suv resurslari sohasida fidoyi mehnat qilayotganlar, ayniqsa, ayollarning sohaga qo‘shgan bunyodkorlik hissasi haqida hujjatli film yaratish;
2. “Ipak yo‘li” davlat muzeyi uchun multimedia mahsulotlari, VR, immersiv videoroliklar va hujjatli filmlar yaratish;
3. Xalqaro e’tirof va nufuzli adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan mahalliy yozuvchilarning badiiy yetuk asarlari asosida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi, o‘zaro mehr-oqibat va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan, oila va mahalla institutining jamiyatdagi muhim o‘rnini ta’sirchan uslublarda ko‘rsatuvchi, o‘tganlar xotirasini qadrlash tuygʻusini tarbiyalashga xizmat qiladigan badiiy filmlar yaratish;
4. Harbiy xizmat davomida nogironlikni orttirgan hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining natijasida jamiyatda o‘z o‘rnini topgan qahramonlar haqida badiiy filmlar yaratish;
5. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratib berilgan imtiyozlar, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyishini o‘zida aks ettiruvchi videoroliklar tayyorlash.
