XODIM OGOHLANTIRISH MUDDATINI QISQARTIRISHGA ROZI BO’LSA, QOLGAN TALABLAR BAJARILISHI SHART EMASMI?
2025-05-16 17:05:00 / Yangiliklar
XODIM OGOHLANTIRISH MUDDATINI QISQARTIRISHGA ROZI BO’LSA, QOLGAN TALABLAR BAJARILISHI SHART EMASMI?
Xodim attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan va o‘z lavozimiga noloyiq deb topilgan. Ish beruvchi u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish maqsadida, MK 165-moddasiga asosan 2 haftalik ogohlantirish xati berdi. Oradan 2 kun o‘tib, xodim ariza yozib, ogohlantirish muddatini pullik kompensatsiyaga o‘zgartirishni so‘radi. Natijada xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati qisqartirilgan holda, MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi bilan bekor qilindi.
Keyinroq xodim bildiki, unga hech qanday bo‘sh ish o’rni taklif qilinmasdan mehnat shartnomasi bekor qilib yuborilgan. Vaholanki, MK 144-moddasi to‘rtinchi qismiga asosan xodim malakasiga ko‘ra lavozimiga noloyiq deb topilsa, ish beruvchi unga bir muncha kam malaka talab etiladigan bo‘sh ish taklif etishi kerak.
Xodim sudga ishga tiklash bo‘yicha dahvo kiritganda, ayni shu masala sud muhokamasi markazida bo‘ldi.
Ish beruvchi vakillari xodimning o‘zi ariza yozib, ogohlantirish muddati o‘rniga pullik kompensatsiya to‘lashni so‘raganligi va shunga ko‘ra mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganligi, shu sababli xodimga boshqa ish taklif qilinmaganligini bildirdi. Tashkilot yuristi bunday hollarda ish beruvchi xodimga boshqa ish taklif qilishga majbur emasligini tushuntirdi.
Lekin sud yakunda xodimni o‘z ishiga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi.
Sud o‘z qaroriga shunday tushuntirish berdi: "Mehnat kodeksining 144-moddasi mehnat shartnomasini alohida asoslarga ko‘ra bekor qilishdan oldin boshqa ish taklif qilishga oid qoidalarni o‘z ichiga oladi. Bu moddada mehnat shartnomasi MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga asosan bekor qilinganda ish taklif qilish majburiyati ish beruvchi zimmasida ekanligi ko‘rsatilgan. Ish beruvchi tomoni mehnat shartnomasini aynan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra va MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga asosan bekor qilgan. Shu sababli har qanday holatda ham xodimga MK 144-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq xodimning mutaxassisligiga muvofiq bo‘lgan va bir muncha kam malaka talab etiladigan bo‘sh ish taklif etilishi shart edi. Sud muhokamasi davomida tashkilotda bir emas, uchta ana shunday bo’sh ish joyi bo’lganligi mahlum bo‘ldi. Agar ish beruvchi boshqa ish taklif qilsa-yu, xodim bu taklifni rad qilganida mehnat shartnomasini bekor qilish asosli bo‘lgan bo‘lar edi. Lekin ish beruvchi xodimga bu ishlarni taklif qilmagan. Yana bir gap: xodim tomonidan ogohlantirish muddatini kompensatsiyaga o‘zgartirish haqida ariza berilganligi ish beruvchini boshqa ish taklif qilish majburiyatidan soqit qilmaydi. Chunki na 144-moddada va na boshqa normalarda bunday istisnolar ko‘rsatilmagan. Qolaversa, xodimning ogohlantirish muddatini kompensatsiyaga almashtirish haqidagi arizasi boshqa bo‘sh ish o‘rnini rad etish fakti deb qabul qilinmaydi. Sababi, MK 144-moddasi oltinchi qismiga asosan qachonki berilgan taklifga rozilik berilmasa, ana shu holat rad etish fakti hisoblanadi. Ish beruvchi esa, yuqorida aytganimizdek, xodimga hech qanday taklif bermagan. Shunday qilib, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan".
Shokirjon DADABOEV,
tuman adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsulti.
