Davlat maktablari va bog‘chalarida o‘zaro yaqin qarindoshlarning ishlashiga oid “yashirin qoida” haqida.
2025-04-11 08:45:00 / Yangiliklar
Ko‘pchilik biladi, MK 121-moddasiga asosan davlat tashkilotlarida o‘zaro yaqin qarindoshlarning biri-biriga bevosita bo‘ysunadigan yoki biri birining nazorati ostida bo‘lgan lavozimlarda ishlashiga ta’qiq qo‘yilgan.
Biroq, shu moddaning o‘zida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan alohida istisnolar belgilanishi mumkinligi ham ko‘rsatilgan.
Haqiqatdan ham, ayni paytda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 noyabrdagi 758-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlarining ro‘yxati” mavjud.
Mazkur ro‘yxatga kiritilgan ishlarda davlat tashkilotidagi bir-biriga bo‘ysunadigan va bir-birini nazorat qiladigan lavozimlarda o‘zaro yaqin qarindoshlar va quda tomondan bo‘lgan qarindoshlar bemalol birga ishlashlari mumkin. Chunki, bu ro‘yxatga alohida xususiyatli ishlar kiritilgan bo‘lib, ular mavjud mantiqiy zaruratdan kelib chiqib qonundagi taqiqlardan istisno qilingan.
Bu ro‘yxat biz uchun u qadar yangilik emas. Bungacha Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan xuddi shunday ro‘yxat amalda bo‘lgan va 758-sonli qaror bilan yangi ro‘yxat tasdiqlanib, istisnolarga ba’zi o‘zgarishlar kiritilgan.
Ushbu istisnolar haqida gap ketganda, ko‘pchilikda birinchi navbatda barcha ta’lim muassasalaridagi pedagog-o‘qituvchilar, kutubxonachilar va bibliograflar haqida tasavvur bor edi. Ya’ni, bog‘chalar, maktablar, kollej-texnikum va liseylar hamda OTMlardagi pedagoglik lavozimlarida o‘zaro yaqin qarindoshlari (yaqin qarindoshi direktor, rektor, prorektor, yoki kafedra mudiri bo‘lsa ham) bilan birga ishlashi mumkinligini avvaldan bilamiz. Bular hozirgi 758-sonli qaror bilan tasdiqlangan Ro‘yxatning 6-bandi (qatori)da turibdi.
Lekin ro‘yxatning o‘sha 6-bandida “barcha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograf va kutubxonachilar”deyilgan. E’tibor bering, ularga ta’lim tashkilotidagi o‘rinbosarlar, xo‘jalik mudiri, kadrlar bo‘yicha menejer, buxgalter, arxivarius, qorovul, shofyor kabilar kirmaydi. Ya’ni, biz sanab o‘tgan keyingi kasblar va lavozimlarga istisno yo‘q, ularga nisbatan ta’qiq amal qilishi kerak, to‘g‘rimi?
Biroq, 758-sonli qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatning 12-bandi (qatori)da istisno etiladigan kasb va lavozimlarga “qishloq joylarda ishlaydigan o‘rmon va suv xo‘jaligi mutaxassislari, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlari” kiritilgan.
Biz bundan “qishloq joylarda ishlaydigan..., maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari,...” degan jumlalarni ajratib olsak, bu tashkilotlardagi istisnoga tushadigan ro‘yxatning anchagina kengayishini ko‘ramiz. Gap qishloqlarda joylashgan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari haqida ketyapti. Va bunda yaqin qarindoshlar ishlashi mumkin bo‘lgan istisnolarga qishloqlardagi davlat bog‘chalari va maktablarining nafaqat pedagog xodimlari, balki pedagog toifasiga kirmaydigan boshqa xodimlari ham kirib qolgan.
Ya’ni, masalan, qishloqda joylashgan davlat umumta’lim maktabining direktori o‘z ukasi yoki akasini xo‘jalik mudiri vazifasiga, singlisini kadrlar bo‘yicha menejer lavozimiga ishga olishga haqli degandek gap bu.
Shokirjon Dadaboyev,
Uychi tuman adliya bo‘limi YUXKM bosh yuriskonsulti.
