Fuqarolik sud ishlarini yuritish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash usullari
2025-04-03 10:40:00 / Yangiliklar
Hozirgi vaqtda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilishning tarkibiy qismi sifatida sudlarning xolisligi va mustaqilligini mustahkamlash, qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoyalanishini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilib borilmoqda.
Sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarining liberallashtirilishi islohotlarning muhim yo‘nalishi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 yanvardagi Qonuni bilan O‘zbekiston Respubikasining Fuqarolik prosessual kodeksi tasdiqlandi.
Ushbu Kodeks 5-bo‘lim, 47-bob va 462-moddadan iborat.
Fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik buyruq tartibidagi ishlarni, da’vo tartibidagi ishlarni, alohida tartibda yuritiladigan ishlarni, hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni va chet davlat sudlarining hamda chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish hamda hal etish tartibini belgilaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchiligida ko‘rsatilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifalari quyidagilardan iboratdir:
Ya’ni, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasining huquqlari va manfaatlarini, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va hal etish;
qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga, demokratiyani, ijtimoiy adolatni, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta’minlashga ko‘maklashish;
qonunga va sudga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirish.
Sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining vazifalari, manfaatdor shaxslarning sudga murojaat qilish huquqlari va sudga murojaat qilish shakli, fuqarolik sud ishlarini yuritish prinsiplari, ishlarni sudda ko‘rish tartiblari, ishlarning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligi, sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, sud hujjatlarini qayta ko‘rish asoslari, sud hujjatlarini ijroga qaratish tartiblari va boshqalar sudlarda amal qiladigan prosessual qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ko‘rsatadi.
Shuningdek, sudlarda ko‘rib chiqilayotgan turli xil yo‘nalishdagi ishlarda sudlarning ustuvor vazifasi bo‘lib qonun ustuvorligini, fuqarolar va korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash; fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish; qonuniylikni mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish; qonunga va sudga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganimizda, qonun va qonunchilik ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan, sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich demokratlashtirish va erkinlashtirish vazifalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan uzoq muddatli va izchil islohotlar dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishidan biri bo‘lib hisoblanadi.
Baxtiyor Kasimov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.
