Tunda ham paxta terimi qizg‘in davom etmoqda
2026-10-06 22:15:00 / Yangiliklar

Uychi dalalarida «oq oltin»ni yig‘ib olish jarayoni kunduzdan tunga ulanmoqda.
Uychi tumani dalalarida 2026 yil hosili uchun yetishtirilgan paxtani yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Ayni kunlarda qulay ob-havo sharoitlaridan unumli foydalanilib, terim sur’atini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tun qorong‘usida ham dalada harakat to‘xtamaydi. Zamonaviy paxta terish mashinalari belgilangan maydonlarda bir maromda ishlab, hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olishga xizmat qilmoqda. Texnikalarning tungi vaqtda ham samarali ishlashi terim mavsumini jadal o‘tkazish va hosilni sifatli yig‘ib olish imkonini bermoqda.
Daladagi jarayon faqat terim mashinalarining harakatidan iborat emas. Mexanizatorlar uchun zarur mehnat sharoitlari yaratilgan, terilgan paxtani qabul qilish va tashish, texnikalar harakatini muvofiqlashtirish kabi ishlar ham uzluksiz tashkil etilmoqda.
Bugun tuman hokimi hududlarda bo‘lib, fermer xo‘jaliklaridagi terim jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Dala boshida mas’ullar va fermerlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, mavsumni uyushqoqlik bilan davom ettirish, texnikalardan unumli foydalanish va hosilni qisqa muddatlarda, sifatli yig‘ib olish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda Uychi dalalarida asosiy maqsad bitta — yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay, o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish. Zero, paxta dalasida har bir tungi mehnat ertangi xirmonga qo‘shiladigan munosib hissadir.




