Deputat mahallada: islohotlar amalda, aholi manfaati birinchi o‘rinda 🇺🇿
2026-07-29 19:55:00 / Yangiliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Marufjon Raxmanov Uychi tumanidagi Keskanyor va Gʻayrat mahallalariga tashrif buyurib, mahallalardagi "yettilik" tizimi faoliyati, ish xaritalari ijrosi, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida:
✅ Mahalla banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobiga tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan hamda "ustoz–shogird" an’anasi asosida o‘nlab yosh qizlarga kasb-hunar o‘rgatayotgan tadbirkor ayol faoliyati bilan tanishildi;
✅ Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqaro oilasiga ajratilgan 100 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga tashkil etilgan chorvachilik xo‘jaligi ko‘zdan kechirilib, qoramolchilik, qo‘ychilik va parrandachilik orqali barqaror daromad manbai yaratilgani e’tirof etildi;
✅ Gʻayrat mahallasida faoliyat yuritayotgan "Gʻayrat obi hayot" NNT ish faoliyati o‘rganildi;
✅ Mahalla aholisi tomonidan ko‘chalarni asfaltlash yuzasidan bildirilgan murojaatlar tinglanib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi;
✅ Gʻayrat mahallasida joylashgan, 20 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatayotgan qishloq vrachlik punkti faoliyati ham o‘rganildi. Birinchi tibbiy yordam uchun mavjud dori-darmonlar zaxirasi ko‘zdan kechirilib, tibbiyot xodimlari tomonidan bildirilgan muammo va kamchiliklar tinglandi. Ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddi rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Tashrif yakunida deputat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash hamda har bir oilaning barqaror daromad manbaini shakllantirish bugungi kun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.









