OILA BAXTI – MILLAT SAODATI
2026-05-15 15:00:00 / Yangiliklar
Qadriyatlarimizni bezaydigan an’analar bor — dasturxon atrofida aytiladigan duolar, nuroniylarimizning bebaho o‘gitlari, bolalarning beg‘ubor kulgilari, kelinlarning tavoze bilan salom berishlari-yu, non hidi, o‘sma-yu rayhon ifori taralib turadigan orasta hovlilar — bularning barchasi bir qarashda oddiy manzaradek tuyuladi. Ammo aslida aynan shu oddiylik ichida millatning eng katta ma’naviy xazinasi, jamiyatning eng mustahkam tayanchi mujassam.
Xalqimiz “Oila tinch — yurt tinch”, deb bejiz aytmagan. Bu hikmatda avloddan avlodlarga o‘tib kelayotgan hayotiy tajriba, donishmandlik bor. Oilada mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va mas’uliyat ustuvor bo‘lsa, jamiyatda ishonch muhiti mustahkamlanadi. Aksincha, bir xonadondagi nosog‘lom muhit bola tarbiyasiga, mahalla kayfiyatiga, ijtimoiy munosabatlarga va eng muhimi, ertangi kunga ta’sir ko‘rsatadi.
Bugun “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan Uychi tuman madaniyat markazida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi, tuman Kengashi deputati Muzaffar Abdullayev samimiy tilaklar bildirib, tadbir ishtirokchilari hamda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanayotgan oilalarni qutladi.
Tumanimizdagi o‘n nafar namunali oila sohibalariga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni, tuman hokimining “Tashakkurnomasi” va esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari ishtirokidagi qo‘shiqlar barchani raqslarga chorladi.
Uychi tuman hokimligi Axborot xizmati.










