SAYYOR QABUL
2026-04-22 08:00:00 / Yangiliklar
Uychi tumanida fuqarolarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish, ularning murojaatlariga tezkor va samarali yechim topish maqsadida tumanning eng chekka hududi - Yangihayot mahallasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Unda tuman hokimi Muzaffar Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi mas’ullari hamda tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Qabul jarayonida aholi o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan murojaat qilib, taklif va mulohazalarini bildirdi.
Fuqarolar tomonidan asosan adir hududida dala tomorqa yerlarini sug‘orishda suv muammosi, ayrim ko‘chalarni asfaltlash, piyodalar yo‘lagi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, qarovsiz va daydi itlarni nazoratga olish, ijtimoiy ko‘mak kabi 21 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 13 tasi joyida hal etildi.
Qabul davomida fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, ularni ortiqcha ovoragarchilikka solmasdan qonuniy yechim topish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi va ijrosi nazoratga olindi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqotlar joylardagi muammolarni chuqur o‘rganish, fuqarolarning dardu tashvishlarini eshitish va ularni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Bu esa odamlar manfaatini ta’minlash, xalq roziligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.










