INSON QALBIGA YO‘L
2026-04-02 10:05:00 / Yangiliklar
Payshanba – “YOSHLAR KUNI”
INSON QALBIGA YO‘L
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Uychi tumanida turli tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Tuman hokimi Muzaffar Abdullayev, sektor rahbarlari hamda tuman DXX mas’ul xodimi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamentining 6-sonli tergov hibsxonasida yoshlar vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Yuzma-yuz muloqot davomida hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlash, xatolardan xulosa chiqarish va kelajakka ishonch bilan qarash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muassasa hududida 1 sotixli issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda bodring va qulupnay yetishtirilmoqda. Bu ishlarga yosh mahkumlar jalb qilingani ularda mehnat ko‘nikmasini shakllantirish, mas’uliyatni oshirish va kelgusi hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda har bir yoshning taqdiriga befarq emaslik, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatga qaytarish muhim ekani ta’kidlandi. Yosh mahkumlar ham o‘z fikr va mulohazalarini bayon etdilar.
Ushbu uchrashuv rasmiy tadbir emas, balki inson qalbiga yo‘l topish, umid uyg‘otish va kelajakka ishonch bag‘ishlashga qaratilgan ezgu qadam bo‘ldi.










