Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar
Korrupsiyaga qarshi kurashda xorijiy mamlakatlar tajribasi
Barcha xorijiy mamlakatlar amaliyotida korrupsiyaning oldini olishda samarali kriminologik tadqiqotlardan foydalanishga alohida e’tibor beriladi. Xususan, Skandinaviya davlatlari - Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya adliya vazirlari tomonidan 1962 yilda tashkil etilgan Kriminologiya bo‘yicha Skandinaviya kengashi bu mamlakatlarda jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatini shakllantirishda ishtirok etishadi. Kengashning asosiy maqsadlari – ishtirokchi mamlakatlarda kriminologiya tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha hukumatlarga tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi. Bu mamlakatlardagi jinoyat-huquqiy doktrinada axloqiy kategoriyalar va ijtimoiy qadriyatlar tizimi alohida o‘rin tutadi. Kriminologiya bo‘yicha Skandinaviya kengashi 15 ta a’zodan – har bir davlatdan uchtadan vakil, ikkitasi taniqli kriminolog va bitta adliya vazirligi vakilidan iborat . Skandinaviya mamlakatlari aholisi huquqiy ongiga ijtimoiy tenglik g‘oyasi, jamoatchilik va yuridik institutlarga ishonch, shaxs darajasida har xil hodisalarga bag‘rikeng-lik, shuningdek, “jinoyat”, “jinoyatchi”, “jazo” va “javobgarlik” singari huquqiy kategoriyalarga nisbatan namoyon bo‘luvchi umumiy adolat hissi xos hisoblanadi . Umuman Skandinaviya mamlakatlari uchun jinoyatchilikning ijtimoiy ildizlari asosiy kriminogen dominant degan qarash ustunlik qiladi. Skandinaviya davlatlari tajribasi shuni ko‘rsatadiki korrupsiyaga qarshi samarali kurashni tashkil qilish uchun kriminologik tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, bunda huquq yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar kriminologiya sohasidagi tad-qiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadga muvofiqdir . Shuni aytish lozimki, Transperensi Interneyshnl (Transparency International) tashkiloti tomonidan 2009 yilda e’lon qilingan jahon mamlakatlarining korrupsiyalashganligi darajasini aks ettiruvchi reytingda Skandinaviya mamlakatlarida bu ko‘rsatkich eng past darajada ekanligi qayd etilgan. Unga ko‘ra, Yangi Zelandiya, Daniya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Finlyandiya mamlakatlari bu borada eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan davlatlar hisoblanadi.
Korrupsiya, eng avvalo, har qanday mamlakatda davlat apparatining xalq oldidagi minimal majburiyatlarini bajarishda ojizligini anglatadi. Bu Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoning ko‘pgina rivojlanayotgan davlatlarini ham qamrab olgan va mazkur mamlakatlar uchun jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Bu mamlakatlarning barchasida korrupsiya xalqning qashshoqligi, mamlakatning qoloqligiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Gonkongda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil komissiya mazkur faoliyatda muvaffaqiyatli va keskin choralarni amalga oshira oluvchi institutlarga namuna bo‘lishi mumkin. Hokimiyat idoralari faoliyatini sinch-kovlik bilan – rasmiy institutlar, alohida fuqarolar tomonidan monitoring qilib borish, shuningdek, aybdorlarni sud ta’qibi Gonkongdagi korrupsiyaga qarshi kurashning asosi sifatida xizmat qiladi.
AQSHda korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan maxsus qonun hujjati qabul qilingan. “Foreign Corrupt Practices Act” deb nomlangan mazkur qonun hujjati Amerika kompaniyalarini shartnomalar tuzishda imtiyozlar va kafolatlar olishda xorijiy mansabdor shaxslarga pora berganlik uchun javobgarligini belgilaydi.
O‘tgan asrning 90-yillarida yapon tadqiqotchilari korrupsiyaviy jinoyatchilikni kamaytirishda: hokimiyat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlarni oshkoralashtirish, mansabdor shaxslarni nazorat qilish uchun markaziy va mahalliy miqyosda mustaqil ombudsman institutini joriy etish, shu turdagi jinoyatlarga qattiq jazo tayin-lash (deputatlikka saylanishdan mahrum qilish, umrbod yuqori lavozimga ko‘tarilishdan mahrum qilish, saylov guruhidagi shunga aloqador kishilarni jazolash), saylov kompaniyalarini moliyalashni to‘la davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirishni taklif etgan edilar. Yaponiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan birga noto‘g‘ri(tuhmatdan) pora olish haqida xabar berish ham, pora oluvchilarga nisbatan belgilangan jazoga – uch yil muddatga katorga jazosi yoki jarima jazosiga tortilishi mumkin. Jinoyat qonunchiligida amalga oshirilgan islohotlar orqali bir qator mansabdorlik jinoyatlariga beriladigan jazolar og‘irlashtirildi. Masalan, davlat va jamoat arboblarining mansabdorlik vakolatlari bilan hokimiyatni suiste’mol qilishiga 2 yilgacha katorga yoki turma qamog‘i jazosi belgilandi. Ilgari bunday jinoyat uchun shaxs 6 oygacha shunday jazoga tortilardi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish har bir davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash tizimini barpo etish bu borada keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda unga tanqidiy yondoshgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etishni taqozo qiladi.
