Urganch shahar hokimligi

Urganch shahri Xorazm viloyatning maʼmuriy markazi. Amudaryoning quyi oqimi chap sohilida joylashgan. Shahar Shovot kanali oʻrtasidan oqib oʻtib, Urganchni shimoliy va janubiy qismlarga ajratgan. Shimoliy qismida, asosan, turar joy binolari, ilmiy va madaniy maorif muassasalari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, janubiy qismida esa sanoat korxonalari joylashgan. Har ikkala sohil bir-biri bilan koʻpriklar orqali bogʻlangan. Aholisi 155,700 kishini tashkil qiladi (2025). Urganch shahrida hozirgi kunda 40 ta Mustaqillik, Feruz, Maʼrifat, Yuqoribogʻ, Al-Xorazmiy, Beshmergan, Shodlik, Gulshan, Gulzor, Navbahor, Avesto, Mashʼal, Yangi hayot, Ashxobod, Hamjihatlik, Yangiobod, Saxovat, Jambul, Bobur, Obi hayot, Navroʻz, Istiqlol, Koʻhna qalʼa, Tozabogʻ, Umid, Jingavuz, Doʻstlik, Temiryoʻlchi, Baynalminalchi, Olimpiya, Gulchilar, Boʻston, Kamolot, Ziyokorlar, Binokor, Olmabogʻ, J.Manguberdi, Islomobod, Yangi Oʻzbekiston, Nurli hayot mahallalari mavjud.
Tarixi
Shaharga 1646-yilda Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon tomonidan asos solingan. Amudaryo oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib, Orol dengizi tomon oqa boshlaganidan soʻng Gurganj shahri (Koʻhna Urganch) suvsiz qolgan. Abulgʻoziy Bahodirxon Gurganj, Vazir qalʼa (shahar)larida va ular atroflarida tarqoq holda yashagan aholini koʻchirib Amudaryoning jan. qismlarida joylashtirgan va aholi oʻrnashgan hudud atrofini qalʼa devori bilan mustahkamlab unga „Toza Urganch“, yaʼni „Yangi Urganch“ deb nom bergan. Shundan keyin qadimgi Gurganj shahrining nomi Koʻhna Urganch boʻlib qoldii. Yangi Urganch bilan Koʻhna Urganch oraligʻi 170 km.
Yangi Urganch (hozirgi Urganch) shahri Buyuk ipak yoʻlida joylashganligi tufayli tez surʼatlar bilan rivojlangan savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Abulgʻoziy Bahodirxonning ogʻli Anushaxon (Anushashoh) davrida (1664—89) Yangi Urganch yaqinida katta kanal qazilib, unga Shohobod (Shovot) nomi qoʻyilgan.
Mahalliy tarixchi olimlarning maʼlumotlari boʻyicha, Yangi Urganch 17—18 asrlarda balandligi 4-5 m li devor bilan oʻralgan qoʻrgʻon (shaharcha) boʻlgan. Shaharchada taxminan 5 ming kishi yashagan. Koʻplab mayda doʻkonlar, ustaxonalar ishlab turgan. 1873-yil avgust oyida Turkiston viloyati gazetasida Yangi Urganch haqida shunday deb yozilgan:
Kattaligi Orol boʻyidagi Kazalinskiy shahricha keladi, atrofi qalʼa devorlari bilan oʻrab olingan, Amudaryodan 12 chaqirim narida joylashgan kichkina shahar. Orol dengizidan to Xivaga kelguncha Urganchdek goʻzal shahar yoʻq. U bogʻlar va ariqlar bilan oʻrab olingan
1931-yilda viloyat teatri Xiva shahridan Urganchga koʻchib oʻtdi. 1935-yilda shaharda oʻqituvchilar instituti faoliyat koʻrsata boshladi. 1952-yilda Chorjoʻy–Urganch—Qoʻngʻirot temir yoʻli qurib bitkazildi. 1959-yildan Urganch Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi energiyasini ola boshladi, 1963-yilda Oʻrta Osiyo — Markaz magistral gaz quvuriga ulandi.
Shahar nomining kelib chiqishi miloddan avvalgi 7—6-asrlarga borib taʼqaladi. „Avesto“ kitobida Vurukash (Orol) dengizi boʻyida Urga (Urva) shahri boʻlganligi qayd etilgan. Tabiiy ofatlar (suv toshqini, qurgʻoqchilik) tufayli Urga hozirgi Koʻhna Urganch hududiga koʻchirilgan. 8-asrgacha „Gurganj“ nomi bilan yuritilgan. 712-yilda shahar arablar tomonidan bosib olinganidan keyin „Jurjoniya“ deb ataldi. 1221-yil moʻgʻullar egallagandan soʻng shahar nomi Urganch shaklida yuritila boshladi. 14-asr Yevropa manbalarida shahar (Koʻhna Urganch) Urganch shaklida tilga olinadi.
Sanoat
Urganchda paxta tozalash, ekskavator, “Urganchyogʻ“ zavodlari, pillakashlik, tikuvchilik, poyabzal fabrikalari, Oʻzbekiston—Turkiya “Nurtop“ qoʻshma korxonasi va boshqalar faoliyat koʻrsatadi.
